Valixonov Cho’qon Chingizovich
Valixonov Cho’qon Chingizovich (asl ismi Muhammad Xanafiya) (1835, Qushmurun mavzesi, hoz. Qozog’istonning Qo’stanay viloyati — 1865.? 10, Olti-namal mavzesi, hozirgi Qozog’istonning Toldiqo’rg’on viloyati) — ma’rifatparvar-demokrat, tarixchi, etnograf va folklorshunos. Ablayxonning nabirasi xonadonida tug’ilgan. 1853 yil Omsk kadetlar korpusini tugatgach, G’arbiy Sibir gubernatorligida xizmat qilgan. Turkiston va Xitoyga qilingan bir qator ekspeditsiyalarda qatnashgan. 1858 yil Musulmon savdogari qiyofasida Tyanshan Tog’lari osha Qashqarga borgan, u yerda Sharqiy Turkiston etnografiyasi va Oltishahar tarixiga oid materiallar to’plagan. 1860-61 yillarda Peterburgda yashab rus demokratlari g’oyasi bilan yaqindan tanishgan. Valixonov birinchi qozoq rassomi edi etnografiya mavzuidagi ko’plab suratlari uning ilmiy va kundalik daftarlarini bezagan. Dastgohli suratlar va akvarellar (“Katta O’rda qozoqlari”, “sari Bag’ish urug’idan bo’lgan Sartay” va boshqalar) yaratgan. Valixonovning ilmiy dunyoqarashi keng qamrovli bo’lgan. U Turkiston va G’arbiy Xitoy xalqlarining tarixi va madaniyatiga oid qimmatli tadqiqotlar qoldirgan (“Jung’oriya ocherklari”, 1861; “Qirg’izlar”, 1858; “Ablay”, 1861; “Sibir idorasidagi qirg’izlarda sud islohoti haqida yozishmalar”, 1904 va boshqalar). Valixonov xalq og’zaki ijodi namunalari (Doston, qo’shiq, ertaklar)ni yozib olgan. Qirg’izlarning qahramonlik eposi — “Manas”ning bir qismini birinchi bo’lib yozib olib rus tiliga tarjima qilgan. Valixonovning oqinlarning ijro etish san’atining o’ziga xos xususiyatlari, qo’shiq turlari, qozoq she’riyatidagi vaznlar haqidagi mulohazalari katta qiziqish uyg’otadi. Valixonov o’z davridagi tuzumning zo’ravonligini, chorizmning mustamlakachilik siyosatini qoralagan, qozoqlarni o’troq hayot tarziga o’tishini, dehqonchilikni targ’ib qilgan. Ilm-ma’rifatga erishish va qisman islohotlar yo’li bilan qozoq ovullaridagi turmush tarzini tubdan o’zgartirish mumkin deb hisoblagan. Valixonov g’oyalari Oltinsarin, Abay Qunonboev va boshqa qozoq ma’rifatparvarlari asarlarida o’z rivojini topgan. As: Sobranie soch. v pyati tomax (Vstu- pit, st. A. Margulana), t. 1-4, Alma-Ata, 1961-68.