Vals
Vals (nemischa walzen — aylanmoq) — juft bo’lib, tekis harakat bilan aylanib, jadal yoki o’rtacha tezlikda ijro etiladigan raqs. Musiqiy o’lchovi 3/4 yoki 3/8, usuli birinchi hissadagi urg’usi bilan ajralib turadi. 18-asrning oxirgi choragida Avstriya, nemis xalq (lendler kabi) raqslari zaminida shahar sharoitida vujudga kelgan. 19-asrning boshida yangi, lirik bal raqsi sifatida butun Yevropaga tarqalgan. Ayniqsa, Y. Lanner yaratgan va ota-bola I. Shtrauslar takomillashtirgan turkum shaklidagi Vena Valslari ommalashgan. Vals romans, ariyalar uchun asos bo’lib opera (Sh. Guno, J. Verdi, P. Chaykovskiy, S. Prokofev va boshqalar), operetta (I. Shtraus, F. Legar va boshqalar), balet (L. Delib, P. Chaykovskiy), teatr musiqasida keng qo’llanilgan. Shuningdek, kamer musiqa asari (ayniqsa musiqiy romantizm namoyandalari F. Shubert, F. Shopen, I. Brams, E. Grig va boshqalar ijodida), simfonik musiqa janri (M. Glinka, Ya. Sibelius, M. Ravel) sifatida rivoj topgan. O’zbek musiqasida Vals uslubidagi kuylar 1920-yillarda paydo bo’lgan (masalan, Hamzaning “Hoy ishchilar” qo’shig’i). Keyinchalik Vals janri o’zbek bastakorlari (T. Jalilov, “Vals”; K. Jabborov, “Diyorimsan”; M. Mirzaev, “Bahor valsi” va boshqalar) va kompozitorlari (S. Yudakov, “Karnaval valsi”; M. Burhonov, “Oq oltin” vals-syuitasi; X. Izomov, “Toshkent osmoni”; M.Leviev, “Mahallada duv-duv gap” filmidagi Vals va boshqalar) ijodidan keng o’rin olgan.