Valyuta tangligi, valyuta inqirozi
Valyuta tangligi, valyuta inqirozi — pul-kredit tizimining chuqur izdan chiqishi; mamlakat ichidagi pul muomalasini hamda xalqaro hisob-kitoblar doirasini qamrab oladi. Valyuta kursining keskin tebranishlari, mamlakat valyuta rezervlarining tugashi bilan tavsiflanadi. Valyuta tangligi pul-kredit tizimining izdan chiqishi, valyuta kurslarining keskin tebranishlari, valyuta rezervlarining hajm jihatidan sezilarli va tezlikda mamlakat hududidan oqib ketishi, valyutalarning devalvatsiya va revalvasiya qilinishi, xalqaro valyuta likvidligining yomonlashuvi, valyuta va savdo urushlari kabilar natijasida kelib chiqadi. Umumiy va xususiy Valyuta tangligi ko’rinishlari bor. Umumiy Valyuta tangligi iqtisodiyotdagi umumiy tanglikning tarkibiy qismi bo’lib, ko’pgina mamlakatlarni qamrab oladi va surunkali davom etadi. Xususiy Valyuta tangligi vaqtinchalik xususiyatga ega bo’lgan omillar (umumiy iqtisodiy tanglik, urushlar va boshqalar) natijasida yuzaga keladigan alohida bir davlatdagi tanglikdan iborat. Valyuta tangligi 1929— 33 yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi vaqtida, shuningdek undan keying depressiya davrida, ayniqsa uzoq davom etdi. 1967 yil noyabrda Buyuk Britaniyada funt sterling devalvatsiyasi munosabati bilan kuchaygan Valyuta tangligi Frantsiya va G’arbiy Yevropaning boshqa mamlakatlariga Yoyildi, AQSh bu tanglikdan chetda qolishga har qancha urinmasin, u baribir dollar holatiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. O’sha vaqtdan 1971 yilgacha yana uch marta umumiy Valyuta tangligi bo’lib o’tdi (1968 yil bahorida oltin bahosining oshib ketishi; 1969 yil G’arbiy Germaniya markasining devalvatsiya qilinishi; 1971 yil mayida G’arbiy Yevropaning valyuta markazlarida vujudga kelgan Valyuta tangligi). Umuman olganda xalqaro valyuta inqirozlari jahon valyuta mexanizmida nomuvofiqliklarni bartaraf qilishga olib keladi. Masalan, Valyuta tangligi natijasida 1976-78 yillarda Yamayka bitimi yuzaga keldi. AQSh dollari, Buyuk Britaniya funt sterlingi, Frantsiya Franki kabi jahonning yetakchi valyutalari devalvatsiyaga uchradi, valyutalarning oltin standarti bekor qilindi. Hozirgi paytda tebranuvchi valyuta kurslarining keskin o’zgarishlari, xalqaro kreditlar bo’yicha qarzdorlik muammolari Valyuta tangligini yuzaga keltiruvchi asosiy sabablar bo’lib qolmoqda. Eson Egamov.