Varikosele

Varikosele (lotincha varix — kengaygan vena va Yunoncha kele — o’sma) — erkaklar urug’tizimchasi venasining kengayishi va uzayishi. Ko’proq urug’ tizimchasi venasining buyrak venasiga burchak hosil qilib qo’shilishidan vujudga keladi. Ba’zan og’ir jismoniy ish qilish sabab bo’ladi. Varikoseleda asosan urug tizimchasining chap tomoni kasallanadi; 17-30 yoshli kishilarda uchraydi, bolalar va keksalarda ahyon-ahyonda kuzatiladi. Urug’ tizimchasi venasidagi morfologik o’zgarishlarga, shuningdek kasallikning klinik ko’rinishiga qarab, Varikoselening 3 bosqichi farq qilinadi. Bemorlarning ko’pchiligida (71% ida) 1-bosqich kuzatiladi; ular o’zlarini deyarli sog’lom his qiladilar. Kasallikning 2-bosqichida (20%) chap tomondagi moyak va yorg’oq pastroq turadi. Kishi jismoniy toliqqanda moyak sohasi simillab og’riydi va og’irlashgandek seziladi; yorg’oqni ko’taruvchi muskul bo’shashadi. urug tizimchasi yo’g’onlashadi. Bemorlarning 9% ida 3-bosqich kuzatiladi; moyak shishadi va burishib qoladi, moyak, bel va dumg’aza sohasi og’riydi, jinsiy faoliyat susayadi. Davo kasallikning kechishi va bosqichiga qarab olib boriladi. Varikoselening asosiy sababi bartaraf etiladi, Venani bog’lash yoki embolizasiyalash operatsiyasi qilinadi.