Vashingtondagi kapitoliy qachon qurilgan?
Vashingtondagi Kapitoliy binosi (Kolumbiya okrugi) da Amerika Qo’shma Shtatlari Kongressi qonunlarini muhokama va qabul qiladi. Kapitoliy — xuddi shuningdek Prezident inaugurasiyasi (davlat boshlig’i o’z lavozimini egallaydigan tantanali marosim) o’tkaziladigan dargoh. Ushbu mahobatli, teran taassurot uyg’otadigan bino Vashington ufqida mag’rur qad rostlab turibdi. Keng ko’chalar xuddi g’ildirakning parraklari singari Kapitoliydan chor atrofga taralib ketadilar. Kapitoliy poydevoriga birinchi g’isht 1793 yilda Jorj Vashington tomonidan qo’yilgandi. Imoratning Virjiniyadan keltirilgan qumtoshdan tiklangan bosh qismi 1793 yildan 1828 yilga qadar bunyod etilgan bo’lsa, Senat va Vakillar palatasi joylashgan qanotlari Massachusets shtatidan tashib keltirilgan oq marmardan 1851-1856 yillar davomida qurilgan edi. Kapitoliyning 86 metr balandlikka yuksalgan po’lati gumbazini Ozodlik haykali bezab turadi. Amerikalik haykaltarosh Tomas Krouford tomonidan ishlangan bu haykal fuqarolar urushi kezlarida 1862 yili gumbazga qo’ndirilgan edi. Avraam Linkoln uning o’rnatilishini kuzatib turardi va 35 ta artilleriya zambaraklari bayramona mushak otib bu voqea haqida jar soldilar. Gumbaz gardishini qurshab turgan 36 ustun o’zida gumbaz qurilayotgan pallalarda ittifoqqa kirgan shtatlar ramzini mujassamlashtirgan D. I. Kapitoliy bir necha bor qaytadan qurilgan. U 1812 yildagi urush paytida britaniyaliklar tomonidan yoqib yuborilgan edi. Olov tomning ilk yog’och qoplamasini, ichkarining salmoqli qismini va bir talay marmar ustunlarni vayran qilgandi. 1961 yilda Kapitoliyning Sharqiy fasadi qaytadan ta’mirlangan. Aynan Sharqiy fasad pillapoyalarida AQSh Prezidenti inaugurasiya kunida qasamyod qiladi. Oliy sud va Kongress kutubxonasi Kapitoliy bilan yonma-yon joylashgan. Oq marmardan qurilgan sud binosi qonun muhimligi va pokizaligining ramzi. Bu dargohda, boya aytganimizdek, mamlakat Oliy sudi joylashgan bo’lib, unda Qo’shma Shtatlar oliy sudining to’qqiz nafar sudyasi uchrashadi va majlislar o’tkazadi.