Vaucher
Vaucher (inglizcha voucher — tilxat) — 1) xususiylashtirish cheki, qimmatli qog’oz. Davlat tasarrufidan chiqarilayotgan korxonalarning aktsiyalariga almashtirish yo’li bilan xususiylashtirishda ishtirok etish huquqini beradi. Vaucherning xususiylashtirilgan mulk ulushiga ko’ra belgilangan nominal qiymati va korxona daromadining aktsiyalarga taqsimlangan dividend miqdoriga qarab belgilanadigan kursi mavjud. Vaucherni korxonalar aktsiyalariga ayirboshlash, dividendlarni taqsimlash, aktsiyalar bilan oldi-sotdi operatsiyalarini o’tkazish Vaucher (investitsiya) fondlari orqali amalga oshiriladi. Vaucherni xohlagan investisiya fondiga topshirish yoki sotish, sotib olish mumkin. 90-yillarda MDH davlatlaridan Rossiyada qo’llanildi. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarishda xususiylashtiriladigan umumiy mulk miqdori va har bir fuqaroning umumiy mulkdagi hissasi hisob-kitob qilinib, mulk hissasiga muvofiq bo’lgan cheklar (vaucher guvohnomalari) aholi o’rtasida tarqatildi. Shunga ko’ra, bir dona Vaucherning nominal qiymati 10 ming Rossiya rubli darajasida belgilandi; 2) yozma guvohlik, kafolat, kafillik.