Vaynsep, uaynsep

Vaynsep, uaynsep — kechpishar olma navi, Amerikadan keltirilgan. Daraxti o’rta bo’yli, shox-shabbasi keng. Ko’chati o’tkazilgach, 6-7 yilda hosilga kiradi. Aprelning o’rtalarida gullaydi. Mevasi o’rtacha (100-120 gramm), yumaloq, och qizil, sirti mayda oq nuqtalar bilan qoplangan. Eti sarg’ish, o’rta shirali, (12,5 % qand 0,6 % kislota), tig’iz, xushbo’y. Mevasi sentabr oxiri — oktabr boshlarida uziladi, 4-5 oygacha yaxshi saqlanadi. Tupidan 350-400 kilogramm hosil olinadi. Sovuqqa chidamli. Unumdor tuproqlarda va yaxshi parvarish qilinganda mo’l hosil beradi. O’zbekistonning barcha viloyatlaridagi bog’dorchilikka ixtisoslashgan xo’jaliklar uchun tavsiya etilgan.