Vaznsizlik
Vaznsizlik — jismning muallaq fizik holati; bunda jismga ta’sir etuvchi tashqi kuchlar shu jism zarralarining bir-biriga o’zaro bosimini vujudga keltirmaydi. Jism Yer og’irlik maydonidagi gorizontal tekislikda tinch turgan bo’lsa, unga og’irlik kuchi va qarama-qarshi yo’nalgan kuch ta’sir qiladi, natijada jism zarralarining bir-biriga bosimi vujudga keladi. Odam organizmi bu bosimni og’irlik sifatida idrok qiladi. Yerning sun’iy yo’ldoshi (yoki kosmik kema — Kk) ichidagi jismlar yo’ldosh bilan birga ma’lum boshlang’ich tezlik olgach, og’irlik kuchi ta’sirida o’z orbitasi bo’ylab bir xil tezlanish bilan harakatlanadi. Shuning uchun jismlar bir-biriga yoki yo’ldosh korpusiga bosim ko’rsatmaydi, ya’ni Vaznsizlik holatida bo’ladi. Jismning Vaznsizlik holatida bo’lish shartlari: 1) jismga tortishish kuchlaridan boshqa hech qanday kuchlar ta’sir qilmasligi; 2) bu kuchlar maydoni bir jinsli bo’lishi, ya’ni barcha zarralar qiymat va yo’nalish jihatdan bir xil tezlanish oladigan bo’lishi; 3) hamma zarralar ilgarilanma harakat qilishi kerak. Bu shartlar, masalan, erkin tushayotgan jismda, erkin uchayotgan (dvigatellari yurgizilgan) ESY va kk larda ro’y beradi. Kosmonavt kabinadan ochiq kosmosga chiqqanda ham Vaznsizlik holatida bo’ladi, chunki ochiq kosmosda tayanch yo’q. Kosmik fazoga uchish kishidan jismoniy va asabiy kuch talab qiladi. Kishi kosmik fazoda g’ayritabiiy sharoitda bo’ladi. Uzoq vaqt (oylar va yillar) Vaznsizlik holatida bo’lish tirik organizm uchun zararlidir. Shuning uchun kk ichida muayyan darajada o’ta zo’riqish hosil qilinishi, kk g’ildirak shaklida yasalishi, kk g’ildirak tekisligiga tik o’q atrofida aylanib turishi kerak, degan takliflar ham bo’lgan.