Vegetarianlik
Vegetarianlik (lotincha vegetabiJis -o’simlikka oid) — ovqatlanish tarzi; go’shtni cheklab, asosan meva va sabzavotlarni tanovul qilish. Shu zaylda ovqatlanuvchilar vegetarianlar deyiladi. Vegetarianlik juda qadimdan ma’lum. Go’sht mahsulotlari iste’mol qilishni chegaralash darajasiga ko’ra vegetarianlar bir necha toifaga bo’linadi. Ularning eng ashaddiylari yoki “keksa vegetarianlar” har qanday go’sht mahsulotlari, shuningdek sut, tuxum va yog’larni inkor etishadi. “Yosh vegetarianlar” esa o’simlik mahsulotlaridan tashqari sut, tuxum va sariyog’ iste’mol qilishadi. Ular go’sht organizmni zaharli chiqindilarga to’ldiruvchi, umrni qisqartiruvchi va insonni badjahl qiluvchi mahsulot deb hisoblashadi. Aksincha, go’shtni iste’mol qiluvchilar esa uni qimmatli oqsillar manbai hamda to’la hazmli deb ta’kidlaydilar. Ovqatlanish to’g’risidagi hozirgi zamon fani (dietologiya) ovqat moddalarini ham hayvon, ham o’simlik mahsulotlaridan iborat, ya’ni aralash bo’lishi maqbul deb hisoblaydi. Meva va sabzavotlarni pishirish va uzoq muddat saqlash jarayonida vitaminlarning kamayib ketishi tufayli vegetarianlar ularni yangiligida xomligicha yeyishni tavsiya qilishadi. Zamonaviy tibbiyot fani amaliyotda go’shtsiz ham, o’simlik mahsulotlari asosida sut va tuxum qo’shib tayyorlangan oziq-ovqatlardan parhez taom sifatida foydalanishni afzal hisoblaydi. Ba’zi xastaliklar — moddalar almashinuvining buzilishi (masalan, podagra), yurak-tomir kasalliklarini davolashda ma’lum muddatga vegetarian ovqatlar tavsiya etiladi.