Vertolyotni kim ixtiro qilgan?
Havoga ko’tarila oladigan uchish apparati haqidagi fikr ko’p asrlar avval tug’ilgan. Leonardo da Vinchi 1500 yildayoq ulkan vint shaklidagi vertolyot loyihasini chizib qoldirgan. Lekin u vertolyot qurishga urinib ham ko’rmadi, chunki buning uchun motor ham yo’q edi. 1793 yilda Fransiyada “xitoycha pildiroq” deb nom olgan o’yinchoq vertolyot paydo bo’ldi. Hozirgacha uning ixtirochisi ma’lum emas. 1796 yilda ser Jon Keyli xitoycha pildiroqlarning tajribaviy namunalarini, shuningdek, bug’ bilan harakatga keltiriladigan vertolyotni yasadi. Shundan keyin yuz yillik mobaynida ko’pgina odamlar vertolyot yasash bilan shug’ullandi. Dunyoga kelgan vertolyotlardan ba’zi birlari fantastik darajada murakkab, boshqa birlari soddagina qurilmali edi, lekin barmoq bilan sanoqli bir nechasi ucha oldi, xolos. Eng mushkul muammo shuki, kuchli, ammo yengil vaznli dvigatel hamon yo’q edi. Bunday dvigatel birinchi jahon urushi paytlaridagina dunyoga kelgan. U bortiga insonni olib yerdan ko’tarila olgan vertolyotni bunyod etishga sharoit yaratdi. 1909 va 1910 yillarda Igor Sikorskiy ikkita vertolyot yasadi. Ulardan biri yerdan faqat o’z og’irligini ko’tara olardi, xolos. 1917 yilning oxirida avstro-vengriyalik ikki zobit (ofitser) bog’lanma kuzatish aerostatini almashtiruvchi vertolyotni yasadilar. Bu vertolyot ancha balandlikda bir necha marta parvoz qildi, biroq u erkin burilib qayrilolmas edi. Vertolyotni takomillashtirish ustida bir necha mamlakatda ish olib borildi. Lekin bironta ham mashina konstruktorlar umidini oqlamadi. 1936 yilda Germaniyadan Fokke-Vulf kompaniyasida vertolyotning muvaffaqiyatli qurilmasi yaratildi, degan xabar tarqaldi. 1937 yilda bu vertolyot mamlakat ustidan 335 metr balandlikda soatiga 70 mil tezlik bilan uchib o’tdi. 1940 yilda Sikorskiy o’zining birinchi harakatchan vertolyotini namoyish etdi. Bu vertolyot AQSh armiyasi tomonidan 1942 yilda harbiy-texnik qurol sifatida qabul qilindi.