Viloyat
Viloyat — ma’muriy-hududiy birlik. O’rta asrlardan ma’lum. Sharqning ayrim mamlakatlari (Afg’oniston, Turkiya va boshqalar), shuningdek O’rta Osiyo xonliklari Viloyatlarga bo’lingan. 1924 yil sho’rolar o’tkazgan milliy-davlat chegaralanishi arafasida Turkiston ASSR 6 Viloyat— Sirdaryo, Samarqand, Farg’ona, Zakaspiy (Turkmaniston), Yettisuv, Amudaryo Viloyatlari, bir qancha uezd va volostlardan tashkil topgandi. XXSR esa 3 Viloyat va Xiva tumaniga, BXSR 15 Viloyatga bo’lingandi. Viloyat o’z navbatida tumanlarga, tuman esa Keshlarga bo’lingan. 1925 yil 13 yanv.dan uezd deb yuritila boshladi. Keyinchalik ruscha “oblast” nomi bilan qayta tashkil etildi. O’zbek tili davlat tiliga aylanishi munosabati bilan tarixiy ma’muriy-hududiy birlik nomi sifatida “Viloyat” so’zi qayta tiklandi. O’zbekiston Respublikasining amaldagi (1992) Konstitutsiyasida (68-modda) O’zbekistan Respublikasi Viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog’iston Respublikasi dan iboratligi mustahkamlab qo’yilgan. Hozir O’zbekiston Respublikasida 12 Viloyat bor. Viloyatlar o’z navbatida tumanlarga bo’linadi. Viloyatlar chegaralarini o’zgartirish, shuningdek yangi Viloyatlar tashkil qilish, ularni tugatish O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi roziligi bilan amalga oshiriladi. Viloyatlarda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo’yicha hokim boshchilik qiladigan xalq deputatlari kengashi hokimiyatning vakillik organidir. Bu kengash davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko’zlab, o’z vakolatiga taalluqli masalalarni hal etadi. Viloyat xalq deputatlari kengashi va Viloyat hokimlarining vakolat muddati — 5 yil. Viloyat hokimlari Prezident tomonidan tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi hamda Viloyat xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Viloyat hokimlari o’z vakolatlarini yakkaboshchilik asoslarida amalga oshiradi, o’zlari rahbarlik qilayotgan organning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardir.