Vilt

Vilt (inglizcha to wilt — so’lish), oq palak, so’lish — takomillashmagan zamburug’lar qo’zg’atadigan o’simlik o’tkazuvchi naylari kasalliklari (traxeomikozlar). Vertitsillyoz Vilt va fuzarioz Vilt turlari bor. Vertisillyoz Viltni Verticillium dahlia Klebahn zamburug’i qo’zg’atadi. Ikki pallali o’simliklarning qariyb 400 dan ortiq turini zararlaydi. Ayniqsa, O’zbekistonda ko’proq g’o’za, kamroq kunjut, dag’al kanop, jut, zig’ir, baqalajon, qalampir, pomidor, kartoshka, no’xat, qovun, tarvuz, mosh, loviya, yer yong’oq, kungaboqar; meva daraxtlaridan shaftoli, o’rik, olma va boshqa o’simliklar kasallanadi. Zamburug’ning rivojlanishi uchun qulay harorat 18-26°, tuproq namligi 60-80%. Zamburug’ harorat -20″ gacha pasayganda ham halok bo’lmaydi. Tuproqda va o’simlik qoldig’ida rivojlanayotgan zamburug’sog’lom o’simlikka o’tadi. Vertisillyoz Viltning asosiy belgilari: o’simlik barglari pastdan yuqoriga qarab zararlanadi, ksilema tomir devorlari qorayadi. Keng yaprokush o’simliklar (baqalajon, dag’al kanop, qovun va boshqalar)ning ostki yashil barglarida sariq dog’lar paydo bo’ladi, keyin barg qo’ng’ir tusga kirib quriydi, to’kilib ketadi. Ensiz yaproqli o’simliklar (kanop, kunjut, jut va boshqalar) barglarida esa bilinar-bilinmas sariq dog’lar paydo bo’lib, barglar so’liydi, egiladi va to’kiladi. Mayda bargli o’simlik (zig’ir, no’xat va boshqalar) barglari sarg’ayadi, quriydi, keyin to’kiladi yoki uvalanib ketadi. Vilt bilan kasallangan meva daraxtlarida burglar to’satdan so’lishi yoki asta-sekin qurib to’kilishi mumkin. G’o’za kuchli zararlanganda deyarli hamma barglari to’kiladi, ko’saklari esa muddatidan oldin quriydi va ochilib ketadi, tola sifati keskin pasayadi, chigit moydorligi va unuvchanligi yomonlashadi. G’o’za kuchli zararlanganda hosili 30-35% gacha, ko’saklar soni esa 14-15% gacha kamayishi mumkin. Fuzarioz Viltni Fusarium oxysporum f.v. Bilai zamburug’i qo’zg’atadi. Fuzarioz Vilt qo’zg’atuvchisining rivojlanishi ko’p jihatdan vertisillyoz Viltnikiga o’xshash. Ko’pchilik madaniy o’simliklar: beda, don, sabzavot-poliz ekinlari, g’o’za, tut va boshqalar kasallanadi. Hamma iqlim zonalarida tarqalgan. Zamburug’ tuproqning 0-60 santimetr qatlamida saprofit holda, o’simlikda esa parazit bo’lib yashaydi. O’simlikning kasallanishi va nobud bo’lishi hayotiy faoliyati keskin buzilishidan, tomirlarning zamburug’iplari bilan bekilib qolishi va ular ajratadigan zaharli moddalar (fuzariy kislota, likomarazmin va boshqalar) ta’sirida yuz beradi. Fuzarioz Vilt bilan aksariyat ingichka tolali g’o’za kasallanadi. Bunda g’o’za bargining tomirlari va to’qimalari sarg’ayadi. To’rsimon dog’lar barg yuzasini butunlay qoplaydi va barglar to’kilib ketadi. Kasallikning o’simlik tanasidagi belgisi — poya ko’ndalang kesilganda suv o’tkazuvchi naychalarning qo’ng’ir tusga kirganligidir. Kurash choralari: almashlab ekish, urug’likni ekishdan oddin dorilash, daladan o’simlik qoldiqlarini yig’ishtirib olish, oraliq va ko’kat ekinlarni (kuzgi javdar, xantal, raps, kuzgi no’xat) ekish, asosiy haydashdan oldin chirigan go’ng solish,infektsiyaga chidamli navlarni ekish. O’simlikning kasallikka chidamliligini oshirish uchun g’o’zalarga 2-5 chin barg chiqarganda karbamid (mochevina)ning 1,5% li eritmasini purkash (100 l suvda 1,5 kilogramm). Traktor va qishloq xo’jalik mashinalarini g’o’zasi kasallangan dalalardan sog’lom dalalarga o’tkazishdan oldin ularni kuchli bosimli suv bilan yuvish va formalin bilan dezinfektsiya qilish kerak. Ld.:Avazxodjaev M. X., Zeltser S. Sh ., Fiziologicheskie faktori viltoustoychivosti xlopchatnika, T., 1980; Borodin G. I., Runov V. I., Fiziologo-bioximicheskie Osnovi patogennosti vozbuditelya vertisilleznogo vilta xlopchatnika, T., 1983.