Vino-araq sanoati

Vino-araq sanoati – oziq- ovqat sanoati tarmog’i. Bu tarmoqda uzum va meva hamda rezavor mevalar vinosi, sharbati, shampan vinosi, konyak, etil spirtidan tayyorlangan o’tkir ichimliklar, har xil araq turlari, likyor-araq mahsulotlari (likyorlar, balzamlar va boshqalar) ishlab chiqariladi. Tokchilik va vinochilik tarixida vino Yunoniston, Finikiya va boshqa joylarda miloddan avvalgi 5-asrdan boshlab tayyorlangani haqida ma’lumot bor. Uning tarixi Sharqda ham mana shu davrlarga. Hatto undan ham uzoqqa borib taqaladi. Yunon tarixchisi Gerodot “Tarix” asari 1-kitobining 204-216 boblarida massaget qabilalari uyushmasining hukmdori To’maris haqida hikoya qilar ekan, Eron shohi kir II To’marisning mardligiga hiyla bilan javob berganini — uning o’g’li Spargapisesni qo’shini bilan sharob ichirib asir olganligini yozadi. O’zbekiston hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar bu yerda ham qadimdan uzum sharbatidan shifobaxsh va xush kayfiyat bag’ishlovchi ichimliklar tayyorlanib iste’mol qilinganligini ko’rsatadi. Dastlabki paytlarda Musallas xonaki usulda tayyorlangan. Keyinchalik ko’proq sharbat olish maqsadida maxsus qurilma ixtiro qilingan. Oqqo’rg’on tumanidagi Hanqa xarobalaridan uzum sharbatini siqib chiqarishga mo’ljallangan moslama — tarapan (tosh taxta) topilgan. Tosh taxtadan katta aylananing ichiga savatda yoki qopda uzum boshlari qo’yilgan. So’ng ular ustiga og’ir tosh bosilgan. Yuk og’irlashgan sayin uzum sharbati ham ko’payib, toshga o’yilgan ariqchalar orqali kichik aylanaga oqib o’tgan. Bu erda sharbat tindirilib, tozalanib xumlarga yoki boshqa idishlarga oqizilgan. Ba’zan uzum boshlari og’ir tosh yordamida emas, balki yog’och dastak vositasida ezg’ilanib, sharbati siqib chiqarilgan. Ba’zi joylardan topilgan sharob ichiladigan idishlar sirtiga bu ichimlikni tayyorlash jarayonlari tasvirlangan suratlar ishlangan. Suratlarda press-tarapan, uzumni ezg’ilayotgan odamlar, tol chiviqlaridan yasalgan savat-qoplar aks ettirilgan. Xonadonlarda uzumdan musallas (may, sharob, chog’ir), sirka, g’alla donidan bo’za kabi ichimliklar tayyorlangan. Ammo Islom dini mast qiluvchi ichimliklar iste’mol etishni taqiqlagani sababli bu hunarlar keng yoyilmay, an’anaviy tarzda davom etib kelgan. Evropa mamlakatlarida xonaki usulda vino tayyorlash o’rnini asta-sekin murakkab, ayni chog’da ko’p miqdorda ishlab chiqarish imkoniyatini beruvchi texnologiyalar egalladi, ya’ni vinochilik sanoat miqyosiga ko’chdi. 16— 17-asrlarda — Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Portugaliyada, keyinroq Rossiyada Vino-araq sanoati gurkirab rivojlandi. Shampan, konyak, vinoning turli navlari (“Xeres”, “Madera”, “Malaga”, “Marsala”, “Portveyn” va boshqalar) yaratildi. 19— 20-asrlarda G’arbda vinochilik yana ham yuqori darajada taraqqiyotga erishdi. Rossiya O’rta Osiyoni bosib olganidan keyin Vino-araq sanoati korxonalari O’zbekistonda ham paydo bo’la boshladi. Dastlab 1866 yilda sanoatchi-sarmoyador I.I. Pervushin Toshkentga kelib Salor arig’i bo’yida vino tsexini ochdi. Avvaliga dondan, keyin kishmishdan spirt ishlab chiqara boshladi. Ayni vaqtda sifatli vinolar i.ch. uchun xom ashyo bazasini yaratishga kirishdi. Shu maqsadda 1869-70-yillarda Toshkent atrofida 100 ga maydonda uzumning Yevropa navlari ekildi. 1871 yilda 10 ming dal sharob saqlanadigan erto’la qurildi. Tez orada I.I. Pervushin tsexi kengayib “I. Pervushin va o’g’illari” zavodiga aylandi. zavod chiqargan “Toshkent qizil vinosi”, “Opporto”, “sultoni” hamda “Kagor” navli vinolar 1872 yilda Moskvada Politexnika, 1879 yilda Parijda Jahon ko’rgazmalarida oltip va kumush medallar bilan taqdirlandi. Hozirgi “Toshkentvino” kombinati shu zavod asosida yuzaga kelgan. Pervushinlar bilan ayni paytda yana bir boshqa sanoatchi-sarmoyador D.L. Filatov Samarqandda vino zavodini qurgan (1869). Oradan 4 yil o’tgach, Parij va Antverpenda o’tkazilgan jaxon ko’rgazmalarida “Samarqandlik Filatov bog’ida yetishtirilgan uzumdan tayyorlangan” vinolarga oltin va kumush medallar berildi. 1885 yilga kelib uning korxonasida yiliga 9 ming dal oq va qizil navli vinolar ishlab chiqarildi. Hozirgi kunda bu zavod O’zbekistondagi eng yirik vino korxonalaridan hisoblanadi. 19-asr oxirlarida, shuningdek ko’pdan- ko’p mayda, asosan xonaki usulda vino ishlab chiqaradigan sharobsozlar (N.I. Ivanov, I.I. Murashko, P.S. Erin va boshqalar) ham faoliyat ko’rsatishgan. 20-asr bo’sag’asida Toshkentga ikki tarafdan temir yo’l olib kelinishi bilan Rossiyadan ko’plab aholi ko’chirib keltira boshlandi. Natijada vinoga bo’lgan talab ham keskin ortdi. Temir yo’l tufayli O’zbekiston vinolarini chetga chiqarishga ham imkon bo’ldi. 1912— 13-yillarda Turkistonda vino ishlab chiqarish 1 million dalga yetdi. 1-jahon urushi va Oktabr to’ntarishidan keyin rivojlanayotgan Vino-araq sanoati tanazzulga yuz tutdi. Vinochilik korxonalari birin-ketin faoliyatini to’xtatishga majbur bo’ldi. 1919 yilda vinochilikni tiklash choralari ko’rildi. Vinochilik korxonalari (50 dan ortiq) davlat tasarrufiga o’tkazildi. 1922 yilda ular “Turkvino” davlat birlashmasiga kirdi. 1926 yil yanvarga kelib “Turkvino” tugatilib “O’zbekvino” davlat tresti tashkil etildi. 1928 yil 30 yanvarda bu trest “O’zoziqovqatsanoat”ga birlashtirilib, “O’zqishxo’jsanoat” davlat tresti tuzildi. 1926 yildan Vino-araq sanoatida ancha jonlanish bo’ldi, tokzorlar kengaydi. Mavjud vino korxonalarida uzumni qayta ishlash yaxshilanib, ishlab chiqarish quvvati osha bordi. Shu yili va keyingi yillarda Buxoro, Denov, Shaxrisabz, Yangiyo’l, Kitob va 6. joylarda vino-araq zavodlari ishga tushirildi. 30-yilda O’zbekistonda vinochilik, tokchilikni oyoqqa turg’azish, yanada rivojlantirishda kimyogar-professor M.A. Xovrenkoning xizmati katta. U O’zbekistonda qayerda qanday navlar istiqbolli ekanligini, qaysi nav vinolarini ishlab chiqarish maqsadga muvofiqligini ilmiy-amaliy jihatdan asoslab berdi. “O’zbekvino” trestining bosh vinochisi sifatida M.A. Xovrenko “Gulyakandoz”, “Shirin”, likyorli “Kaberne”, “Alea-Tiko”, “O’zbekiston”, “Farhod” navli vinolarning texnologik sxemalarini ishlab chiqdi. Bu vinolar birinchi marta Samarqand vino zavodida yetishtirildi. M.A. Xovrenko tashabbusi bilan 1929 yilda Samarqandda toklik va vinochilik tajriba stansiyasi tashkil etildi. Vinochilik sohasida mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirish maqsadida 1929 yilda O’rta Osiyo universiteti qoshida tokchilik va vinochilik kafedrasi ochilib, M.A. Xovrenko unga rahbarlik qildi. Tarmoqqa yetuk mutaxassislar tayyorlashda mazkur kafedraning ahamiyati katta bo’ldi. Og’ir urush yillarida Toshkent shampan vinosi zavodi ishga tushirildi (1944). 1955-56 yillardan Vino-araq sanoati tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. 1955 yilda Lyublyana shahri (Yugoslaviya)da bo’lib o’tgan vino mahsulotlari xalqaro yarmarkasiga 20-asrda ilk bor O’zbekiston vinochilari 7 xil vino navlari (“Farhod”, “Buvaki”, “Shirin”, “Gulyakandoz”, “Aleatiko”, “Yumaloq”, “O’zbekistan”) bilan ishtirok etdi. Ularning hammasi kumush medalga sazovor bo’ldi. Ko’p o’tmay “O’zbekvino” tresti qoshida va har bir korxonada mahsulot sifatini nazorat qilib beradigan degustatsiya (chashnachilik) komissiyalarining tuzilganligi tarmoqda bu boradagi ishlarni tartibga solish va izchil asosda yo’lga qo’yishda imkoniyat berdi. 1956 yildan tarmoqsa agrosanoat integratsiyasi sari qadam tashlandi. Asosiy mahsulot etishtiruvchilar — yirik xo’jaliklar va vino zavodlari birlashtirildi. 1975 yilda tarmoq “O’zmevasabzavotuzumsanoat” birlashmasi tarkibiga kirdi. Urushdan keying yillarda O’zbekistonda Vino-araq sanoatini rivojlantirishda va sifatli navli vinolar etishtirishda N.S. Sobirov, O. Alimov, O.A. Abdullayev, A.I. Maxmudov, S.V. Vohidov, M. Mirzayev, S.X. Xaydarov, R.B. Saidahmedova va boshqalarning xizmati katta. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Vino-araq sanoatida tub o’zgarishlar bo’ldi. O’zbekiston hukumatining qarorlari asosida tarmoq davlat monopoliyasidan chiqarilib “O’zmevasabzavotu zumsanoatxolding” kompaniyasi tuzildi. Uzumchilikka ixtisoslashgan hududlarda yangi korxonalar va ish joylari tashkil etildi. Vino-araq mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug’ullanadigan korxonalar soni 61 taga yetdi. Bulardan 14 tasi qo’shma va jamoa korxonalaridir (2001). Tarmoqning yetakchi korxonalari: “Toshkentvino”, Samarqand vino kombinati, “Shohrud” firmasining Buxoro vino zavodi, Toshkent shampan vinosi zavodi, “Osiyo” firmasining Namangan vino zavodi, “Mastona” aktsiyadorlik jamiyatining Qo’qon vino zavodi, “Yangiyo’l” firmasining Yangiyo’l vino zavodi, “Konvin” O’zbekiston-Amerika qo’shma korxonasining G’azalkent vino zavodi, “Navigul” O’zbekiston-Bolgariya qo’shma korxonasi (Andijon viloyati Xo’jaobod tumani), “Farovon” O’zbekiston-Italiya qo’shma korxonasi (Toshkent viloyati Zangiota tumani), “Yanis” O’zbekiston-Ispaniya qo’shma korxonasi (Namangan viloyatining Yangiqo’rgon tumani), “Parkent shampani” O’zbekiston-Rossiya qo’shma korxonasi (Toshkent viloyati Parkent tumani) va boshqalar. O’zbekiston Respublikasida Vino-araq sanoati tarmog’i uchun zarur bo’lgan rektifikatlangan etil spirit ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlar barpo etildi (“O’zkimyosanoat”ga qarashli Yangiyo’l, Qo’qon va Andijon biokimyo zavodlari). Endilikda, ilgaridan ishlab kelayotgan “Toshkentvino” va Samarqanddagi “Zarafshon” zavodlaridagi kuvvatlar hisobga olinsa, yiliga 5,0 million dal dan ko’proq spirt ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi: bu mahsulot turi bo’yicha ham mustaqillikka erishildi, Ukraina, Rossiya va boshqa davlatlardan spirt keltirishga barham berildi. O’zbekiston spirtini eksport qilish imkoniyati yaratildi. Vinochilik tarmog’idagi tub o’zgarishlardan yana biri mahsulot turlarini ko’payganligi va ularning sifati birmuncha yaxshilanganligidir. Sobiq Ittifoq davrida yangi turdagi vino- araq mahsulotini yaratish va uni hayotga tatbiq qilish juda ham mushkul bo’lgan. Ishlab chiqariladigan mahsulot turlari chegaralab qo’yilgan edi. Endi esa uzumning turi va uning sifatiga hamda vino ishlab chiqaruvchi zavodning texnologik imkoniyatlariga qarab, O’zbekiston iqlim sharoitiga moslashgan texnologik qoidalar yaratildi va shu asosda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Raqobat uchun kerakli omillar yaratildi. Vino-araq va boshqa alkogolli ichimliklar ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan qo’llanmalar, O’zbekiston davlat standarti va boshqa normativ hujjatlar “Sharobsoz” ijodiy markazi tomonidan ishlab chiqilib, hayotga tadbiq etiladi. Olib borilgan ijodiy ishlar samarasi o’laroq, tarmoqda ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari 150 dan oshib ketdi. Ularning ko’plari mustaqillik tufayli jahon ko’rik va yarmarkalarida muvaffaqiyatli qatnashib kelmokda (50 dan ortiq oltin, kumush va bronza medallari sovrindori bo’ldi). O’zbekiston vino-araq mahsulotlari jahonga tanila boshladi. Jumladan 1998 yil G’azalkent vino zavodining “Sijjak”, “Oqtosh”, Samarqand vino kombinatining “O’zbekiston”, “Gulyakandoz” vinolari San-Frantsisko (AQSh) jahon yaramarkasida “sifatli mahsulot” sertifikatini oldi. 2000 yil Xo’jaobod sharob korxonasining “Pino” tabiiy vinosi Frantsiyada bo’lib o’tgan ko’rgazmada sovrindor bo’lib, maxsus diplom bilan taqdirlandi. O’zbekiston vinolari eksporti yildan-yilga ortib bormoqda. Shu borada O’zbekistonning desert (shirin) va likyor vinolari tahsinga sazovordir. Bular jumlasiga “O’zbekiston”, “Alea-Tiko”, likyorlik “Kaberne”, “Vassarg’a”, “Yumaloq”, “Gulyakandoz” va “Portveyn” turidagi bir nechta xil vinolari kiradi. Tabiiy vinolardan esa “Namangan sadafi”, “qora go’zal” (“Toshkent-Vino”), “Sijjak” (G’azalkent vino zavodi), “Kaberne” (Qo’qon vino zavodi), “Pino” (Xo’jaobod zavodi), “bihishti” (Buxoro vino zavodi) va shunga o’xshash boshqa vinolar, “Samarqand balzami”, “Buxoro balzami” yukrri sifat darajasiga ega. Yangiyo’l va Samarqand vinochilik korxonalarida ishlab chiqarilayotgan “O’zbekiston”, “Shodlik”, “Anhor”. “Samarqand”, “Afrosiyob” va boshqalar. Konyaklar o’zining yuqori sifati bilan ajralib turadi. Bular xalqaro ko’riklarda oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan. Bundan tashqari mamlakatda araqning “Toshkent”, “O’zbekiston”, “Osiyo”, “Zarafshon”, “Turon”, “Mastona”, “Andijon”, “Toshkent oqshomi”, “Chimyon” kabi maxsus navlari ishlab chiqarilmoqda. Vino-araq sanoatida tashkil etilayotgan ko’shma korxonalar ishlab chiqarish hajmini yanada ko’paytirish imkonini beradi. O’zbekistonda 2000 yilda 7,116 million dal araq mahsulotlari, 5,65 million dal uzum vinosi, 13,67 million dal uzum vinosi xom ashyosi, 3,802 million butilka shampan vinosi, 131 ming dal konyak ishlab chiqarildi. Ad.: Samarqand vinosi, M., 1971; Buryan N.I., Mikrobiologiya vinodeliya, Yalta, 1997; Vinogradnie vino i konyaki [katalog; sostavitel tvorcheskiy tsentr “Sharobsoz”], T., 1999; spravochnik po vinodeliyu, Simferopol, 2000. Omonulla Abdullayev.