Vital bo’yash

Vital bo’yash (lotincha vita – hayot) -organizm tirikligida unga zararsiz bo’yoqlar (masalan, neytral qizil bo’yoq, litiyli karmin, tripan ko’ki) kiritib, hujayra va to’qimalariga rang berish. Vital bo’yash hujayra va to’qimalar holatini tekshirish usullaridan biri. Vital bo’yash hujayralarda yuz beradigan biokimyoviy va fiziologik jarayonlarni o’rganishga yordam beradi. Organizmga yuborilgan bo’yoq tirik xujayralarning ba’zi kiritmalariga, masalan, vakuolalar va zahira moddalarga rang beradi. Hujayra normal holatda bo’lsa, bo’yoq donachalar shaklida to’planadi, yadro bilan tsitoplazma esa rangsizligicha qoladi. Agar hujayra zararlangan bo’lsa, bo’yoq donachalar hosil qilmasdan yadro va protoplazmaga yoyilib ketadi.