Vitraj

Vitraj (Fransuzcha vitrage, lotincha Vitrum — shisha) — rangli oyna (shisha) parchalaridan terib yoki yorug’lik o’tkazadigan boshqa materiallardan foydalanib, deraza, eshiklarga har xil ranglarda naqsh, tasvir ishlash san’ati; shuningdek deraza, to’siqlar o’rnidagi (to’liq yoki qisman ishlangan) shisha namoyon. Deraza o’rnidagi rangli Vitraj nurlar jilvasini hosil qiladi, intererning ifoda ta’sirini orttiradi. Dastlabki sodda Vitraj namunalari qadimgi misr (miloddan avvalgi 2 minginchi yil) va Rim (milodiy 1-asr) da topilgan. Roman uslubida qurilgan ibodatxonalarda (Frantsiyadagi Shartr sobori, Germaniyadagi Augsburg sobori, 12-asr boshlari), gotika soborlarida Vitraj keng qo’llanilgan, bo’yalgan shishalardan o’tayotgan nur bino ichini jozibador ko’rsatgan. Keyinchalik rangsiz yoki rangli shishalarga silikat bo’yoqlarda rangtasvir asarlari ishlash texnikasi qo’llanilgan. 20-asrga kelib Vitraj ishlash mahorati oshdi, Vitraj uchun shishalar maxsus usulda ishlana boshlandi. Keyingi yillarda shisha yoki plastmassa, tsement va temir-beton bilan mustahkamlanadigan usuli keng tarqalib, Vitraj ning imkoniyat doirasi kengaydi. O’zbekistonda Vitraj 20-asr 60-yillaridan rivojlandi, qator mahobatli asarlar yaratildi. “Zarafshon” restorani, “O’zbekistan” mehmonxonasi, temuriylar davlati tarixi muzeyi Vitrajlari shular jumlasidan.