Vixuxollar

Vixuxollar (Desmana) — hasharotxo’r sut emizuvchilar turkumining bir urug’i. Vixuxollar oilasiga kiradi. Vixuxol (Desmana moschata) Volga, don va Ural daryolarida tarqalgan. Tuzilishi suvda yashashga moslashgan. Bo’yi 20— 22, dumi 18-20 santimetrcha, hasharotxo’r sut emizuvchilarning eng kattasi. Tumshug’i uchida uzun xartumchasi, orqa oyoq panjalari orasida suzgich pardasi bor. Dumi tangachalar bilan qoplangan, dumi ostida yog’simon hidli modda — mushk (muskus) ajratadigan bezlar bor. Bu modda bilan Vixuxollar jununi moylaydi. Mo’ynasi ipakdek mayin va silliq, usti to’q jigarrang, osti kumushdek oq. Vixuxollar uyasini qirg’oqlarga quradi. Bahorda urchiydi. Homiladorlik davri 50 kun, 1-5 ta bola tug’adi. Bolasi bir yoshda voyaga yetadi. Vixuxollar suv hasharotlari, zuluk, mollyuska va mayda baliqlar bilan ovqatlanadi. Yiliga ikki marta (yoz va qishda) tullaydi. Vixuxolning ikkinchi turi Galemus urug’iga mansub bo’lib, bitta tur Pirenei V. — D. pyrenaicus Pirenei yarim orolidagi tog’ daryolarida yashaydi, soni juda kamayib ketgan. Ikkala turi ham xalqaro qizil kitobga kiritilgan.