Volga avtomobil zavodi
Volga avtomobil zavodi (VAZ) — Rossiyaning yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi yirik sanoat korxonasi. Samara viloyatining Tolyatti shahrida joylashgan. Yillik loyiha quvvati 660 ming avtomobil ishlab chiqarishga mo’ljallangan. 1967 yil qurilishi boshlanib, yillik loyiha quvvati 220 ming avtomobil bo’lgan 1-navbati 1971 yil Italiyaning “Fiat” korporatsiyasi bilan hamkorlikda kurilgan. “Fiat-124” avtomobili negizida yaratilgan “Jiguli” VAZ-2101 rusumli kichik litrajli yengil avtomobillarini ishlab chiqargan. 2-navbati 1972 yilda ishga tushirilgan (loyiha quvvati 220 ming avtomobil). Keyingi yillarda korxona “Jiguli” rusumidagi yengil avtomobillarning bir necha modifikatsiyalarini yaratdi va ishlab chiqardi (VAZ-2103, VAZ-2104, VAZ-2105, VAZ- 2106, VAZ-2107, VAZ-2108, VAZ-2109 va hokazolar). 80-yillar oxiriga kelib korxona VAZ-2199 rusumdagi zamonaviy dizayn va turli qulayliklarga ega bo’lgan yengil avtomobillarni (5 o’rindiqli) ishlab chiqarishni yo’lga qo’ydi. Hozirgi vaqtda korxona shu vaqtgacha ishlab chiqarayotgan yengil avtomobillarning ba’zi takomillashtirilgan rusumlari bilan birga butunlay yangi rusumdagi “Knyaz Vladimir” yengil avtomobillarni yetkazib bermoqda (2000). Korxona o’z mahsulotlarini eksportga ham chiqaradi. 90-yillar boshigacha O’zbekistonda shaxsiy avtomobillarning asosiy qismini VAZ avtomobillari tashkil etgan.