Voltommetr

Voltommetr — tok zanjiridagi kuchlanish va qarshilikni o’lchaydigan elektr asbobi; voltmetr va ommetrdan iborat. Voltommetrlar o’zgarmas tok zanjirida qo’llaniladi. To’g’rilagich Voltommetrlar universal asbob bo’lib, o’zgaruvchan va o’zgarmas tok zanjiridagi kuchlanishni, o’zgarmas tok zanjiridagi qarshilikni o’lchaydi. U o’lchash mexanizmi, yarimo’tkazgichli to’g’rilagich va qo’shimcha rezistorlardan iborat. Universal Voltommetrlarning zamonaviy variantlari mikroelektron sxemalar asosida yaratilmoqda. Ular ancha ixchamligi va puxtaligi bilan lampali va tranzistorli o’lchov asboblaridan ajralib turadi. Ularni ishlatish ancha qulay va oson. Voltommetrlar elektr energiyasi ishlatiladigan joylarda, kuchlanish va qarshilikni o’lchash va kuzatib turish zarur bo’lgan laboratoriya, tsexlar va elektr ustaxonalarida qo’llaniladi.