“Vomiq va Uzro”

“Vomiq va Uzro” – yaqin va O’rta Sharq xalqdarining og’zaki va yozma adabiyotida keng tarqalgan an’anaviy epik asar. Mavzu Sharq xalqlari folklori va adabiyotiga yunon adabiyotidan o’tgan degan fikr mavjud. Davlatshoh Samarqandiy hamda o’rta asr ijodkorlari asarlaridagi ma’lumotlarga ko’ra, ushbu mavzu islomgacha ham mashhur bo’lgan. Asarning variant va versiyalari ko’p. Ularni an’anaviy mavzu va obrazlar silsilasi bir-biriga yaqinlashtiradi. Barchasida oshiq-ma’shuqning sarguzashtlari hikoya qilinadi. Folklor nusxalariga ko’ra, arablarning Sa’d qabilasi boshliqlaridan biri Sokinning yolg’iz o’g’li Vomiq gul sayliga ketayotib, chavandoz Zaydning qizi Uzroni uchratadi. Yozma adabiyotdagi variantlarda Vomiq Uzroning suratini ko’rib unga oshiq bo’ladi. Sevishganlar sarguzashti tenglik, adolat uchun kurash, xalqlar do’stligi mavzulari bilan uzviy bog’lanib, ijobiy qahramonlar zulmga qarshi kurashchi va ezgu xislatli kishilar sifatida gavdalanadi. “Vomiq va Uzro”ni o’zbek, Ozarbayjon, turkman, turk va boshqa xalqdar baxshilari ham kuylaganlar. Rahmatulla Yusuf o’g’liyat yozib olingan “Vomiq va Uzro” dostoni diqqatga sazovor. Yozma adabiyotda “Vomiq va Uzro”mavzuida shoir Unsuriy (11-asr), Husayn Damiriy Isfaxoniy (16-asr) va boshqa asarlar yaratganlar.