Voyaga yetmaganlar

Voyaga yetmaganlar — amaldagi O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra, 18 yoshga yetmagan fuqarolar. Voyaga yetmaganlarni tarbiyalash vazifasi — davlat burchi, fuqarolarning esa konstitusiyaviy majburiyati hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolar kabi Voyaga yetmaganlarning bilim olish, mehnat qilish, dam olish, mulkdor bo’lish kabi huquqlari ta’minlangan (36,40,41-moddalar). O’zbekiston Respublikasi FKda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan Voyaga yetmaganlarning muomala layoqati belgilangan, ular ota-onalari, farzandlikka oluvchilari va homiylari roziligisiz mustaqil ravishda: 1) o’z ish haqi, stipendiyasi va boshqa daromadlarini tasarruf etish; 2) fan, adabiyot yoki san’at asarining, ixtironing yoxud o’z intellektual faoliyatining qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa natijasining muallifi huquqini amalga oshirish; 3) qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qo’yish va ularni tasarruf etish; 4) mayda maishiy bitimlarni hamda boshqa bitimlarni tuzishga haqli ekanligi ko’rsatilgan, boshqa bitimlarni ular o’z ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Ular roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanayotgan yoki mehnat shartnomasi bo’yicha ishlayotgan 16 yoshga to’lgan Voyaga yetmaganlar muomalaga to’la layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin (27-, 28-, 29-moddalar). Voyaga yetmaganlar mehnatga oid munosabatlarda katta yoshdagi xodimlarga tenglashtiriladi, lekin mehnat muhofazasi, ish vaqti, ta’tillar berish va boshqa mehnat shartlari bo’yicha qo’shimcha imtiyozlardan foydalanadi. O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida 18 yoshga to’lmagan shaxslarni ishga qabul qilishdagi kafolatlar, ularning mehnatga oid huquqlari va hokazolar belgilab berilgan (239-247-moddalar). Voyaga yetmaganlarning jinoiy ishlarini yuritishda maxsus qonun me’yorlari orqali qo’shimcha huquqlar kafolatlangan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari huzurida voyaga yetmaganlar ishi bilan shug’ullanuvchi komissiyalar tuzilgan.