Vrach

Vrach (rus.) — oliy ma’lumotli tibbiyot xodimi; og’zaki nutqda “doktor” (lotincha) Vrach ma’nosini anglatadi (mahalliy talaffuzda “do’xtir” deyiladi). Vrach faoliyati bemorlarni davolash va kasalliklarning oldini olish choralarini ko’rishdan iborat. Vrach shifokor burchi haqidagi tushunchani ham o’z ichiga oladigan vrachlik etikasida amal qiladi. Birinchi Shoshilinch tibbiy yordam berish — Vrach burchlaridan biridir. Vrachlar bir nechta mutaxassisliklarga ajratiladi: bakalavr, umumamaliyot shifokori, magistr, sog’liqni saqlash tashkilotchilari, terapevtlar (ichki kasalliklar bo’yicha), pediatrlar (bolalar kasalliklari bo’yicha), neonatologlar (yangi tug’ilgan chaqaloqlarga qaraydigan), jarroxlar, sanitariya Vrachlari, akusher-ginekologlar (ayollar kasalliklari bo’yicha), nevropatologlar (nerv kasalliklari bo’yicha), psixiatrlar (ruhiy kasalliklar bo’yicha), dermatovenerologlar (teri va tanosil kasalliklari bo’yicha), stomatologlar (tish va og’iz bo’shlig’i kasalliklari bo’yicha), otorinolaringologlar (quloq, tomoq va burun kasalliklari bo’yicha), ortoped-travmatologlar (tug’ma va orttirilgan shikastliklar bo’yicha), onkologlar (o’sma kasalliklari bo’yicha), gematologlar (qon kasalliklari bo’yicha), transfuziologlar (qon xizmati bo’yicha), urologlar (siydik ajratish tizimi kasalliklari bo’yicha), infektsionistlar (yuqumli kasalliklar bo’yicha) va hokazolar. Vrachning asosiy vazifasi inson sog’lig’ini saqlashdir; bu O’zbekiston vrachining qasamyodida bayon etilgan. O’zbekistonda 1 – va 2-Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro tibbiyot institutlari, Toshkent tibbiyot pediatriya instituti hamda Urganch, Nukus, Farg’ona universitetlarining tibbiyot fakultetlari Vrachlar yetkazib beradi. Vrachlarni ixtisoslashtirish va malakasini oshirish maqsadida ular maxsus institut (Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va boshqalar) va chet ellarga yuborib turiladi. Amaliy faoliyati va mehnat stajiga ko’ra oliy, birinchi va ikkinchi toifali Vrachlar bo’ladi.