Vulkanologiya

Vulkanologiya — dinamik Geologiyaning bo’limlaridan biri. Vulkanlarning vujudga kelish jarayonlari va sabablari, tuzilishi va otilib chiqqan jinslar tarkibi, yer yuzida joylanish qonuniyatlarini o’rganadi. Vulkanologiyaning amaliy maqsadi vulkan otilishini oldindan aytish metodlarini ishlab chiqish, vulkan jinslari (issiq suv, bug’ va hokazolar) dan xo’jalikda foydalanishdan iborat. Vulkanologiyaga oid dastlabki ma’lumotlar miloddan avvalgi 1 -ming yillik o’rtalariga to’g’ri keladi. 1842 yilda Vezuviy vulkani yon bag’rida maxsus ilmiy muassasa — vulkanologik rasadxona tashkil qilindi. Vulkanologiya boshqa fanlar (geologiya, geotektonika, geofizika, fizika, kimyo, petrologiya va geokimyo) bilan uzviy bog’liq. Shu bilimlar yutuqlaridan foydalanib Vulkanologiya geologiya fanlarining nazariy masalalarini (vulkan energiyasining manbalari, magma evolyutsiyasi sharoitlari, yer po’stila chuqur va magma o’choqlarining joylashishi, vulkanizmning yer po’stini hosil bo’lishidagi roli) hal etishda ishtirok etadi. Vulkanologiyaning Paleovulkanologiya sohasi qadimgi vulkanlarni o’rganadi. Vulkanologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar Rossiya Federatsiyasi (Petropavlovsk-Kamchatsk Vulkanologiya instituti, Saxalin vulkanologiya laboratoriya), O’zbekiston, Armaniston, Gruziya ilmiy tadqiqot institutlarida bajarilmoqda. Rossiya Fanlar Akademiyasining “Kamchatka vulkanologiya stantsiyasi” (1935 yilda tashkil qilingan) dunyoda eng yirik tadqiqot markazlaridan biridir. Vulkanologiyani rus olimlaridan F. Yu. Levinson-Lessing, A. N. Zavariskiy, amerikalik Makdonald, frantsiyalik G. Taziev, shveytsariyalik Ritman va boshqalar rivojlantirdilar. Vulkanologiya sohasidagi ma’lumotlar jahonda vulkanologiya va seysmologiyaga tegishli jurnallarda, “O’zbekiston geologiya jurnali” va boshqa jurnallarda nashr etiladi. Vulkanologiya sohasidagi tadqiqotlarni vulkanologiya va yer qa’ri kimyosi xalqaro assotsiatsiyasi (1967 yildan) muvofiqlashtirib turadi. Ushbu tashkilot rahnamoligida dunyo vulkanlari xaritasi nashr qilingan (1979).