Vyatkin Vasiliy Lavrentevich

Vyatkin Vasiliy Lavrentevich [1869.18(30).8, Yettisuv – 1932.26.6, Samarqand] — arxeolog, professor (1923). Toshkent o’qituvchilar seminariyasini tugatgan (1894). Samarqand o’lkani o’rganish muzeyining tashkilotchisi (1896) va direktori. Vyatkin 1905-31 yillarda Afrosiyobda qazish ishlari olib borib, tadqiqotlari haqida “Afrosiyob — ko’hna Samarqand o’rni” (1926) asarini yozgan. Ulug’bek rasadxonasi (15-asr) o’rnini aniqlagan va u yerda qazish ishlari olib borgan (1908-09, 1914); Samarqand me’moriy yodgorliklarini o’rganish va muhofaza qilishga katta e’tibor bergan (“Mirzo Ulug’bek va uning Samarqanddagi rasadxonasi”, “qadimgi Samarqand yodgorliklari”, 1927, “qadimgi Samarqand arxitekturasi”, 1929). Buxoro (1920) va Xorazm (1929) da muhim arxeologik tadqiqotlar olib borgan. O’rta asrlarga doir ko’plab Sharq qo’lyozmalarini to’plagan, sharhlagan va nashr ettirgan. Rus maktablari uchun “O’zbek tili darsligi” va “Fors tili darsligi”ni tuzgan (1923). Ulug’bek rasadxonasi yoniga dafn etilgan.