Xakas tili
Xakas tili — turkiy tillardai biri; asosan, Rossiya Federatsiyasining Xakasiya Respublikasida, Krasnoyarsk o’lkasi va Tiva Respublikasining unga qo’shni tumanlarida tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 80 ming kishidan ortiq (20- asrning 90-yillari). Lahjalari: sagay, kalchin, qizil va shor; ulardan sagay va kachin lahjalari adabiy tilga asos bo’lgan. Xakas tilining fonetika sohasidagi asosiy belgilari: 17 unli va 24 undosh mavjud; unlilarning cho’ziq va qisqa variantlari bor. Asl xakas so’zlaridagi undoshlarning qattiq va yumshoqligi unliga bog’liq: orqa qator unlilari bilan doimo qattiq undoshlar, old qator unlilari bilan yumshoq undoshlar uyg’unlashadi. Bu hodisa fonematik darajada bo’lmaganligi sababli, variant undoshlar yozuvda aks etmaydi. Xakascha so’zlar boshida jarangli undoshlar deyarli bo’lmaydi. Grammatikasi barcha turkiy tillardagi kabi belgilarga ega bo’lsada, ayrim yasovchi affikslarning qo’llanishi, kelishiklar tizimi, ayrim fe’l shakllari jihatidan o’ziga xosliklarga ega. Leksikasida oz mikdorda Arabcha va forscha, lekin anchagina ruscha va mo’g’ulcha o’zlashmalar bor. Yozuvi 1926 yildan rus grafikasi, 1929 yildan lotin grafikasi va 1939 yildan yana rus grafikasi asosida shakllangan.