Xarbin
Xarbin — Xitoyning shimoliy sharqiy qismidagi shahar. Xeyluntszyan provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 9,2 million kishi (1998). Sungari daryosining o’ng sohilida. Yirik temir yo’l chorrahasi, Daryo porti. Aeroport bor. Mamlakatning muhim sanoat, ilmiy va madaniy markazi. Yetakchi sanoat tarmog’i — mashinasozlik, xususan, elektrotexnika, elektroenergetika, transport, stanoksozlik, priborsozlik va boshqalar. Yog’ochsozlik, oziq-ovqat va to’qimachilik sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Xarbinda 15 dan ortiq oliy o’quv yurti, muzey va teatrlar bor. Shaharga 1898 yilda Xitoy Sharqiy temir yo’lning qurilishi bilan asos solingan.