Xazar tili

Xazar tili — Xazar xoqonligi aholisi tili; ulik tillardan. Vizantiya, Arab, yahudiy va boshqa tarixiy manbalarning ma’lumotlari hamda etnonimika va toponimika materiallari Xazar tilining turkiy tillar oilasiga mansubligini tasdiklashga va uni bulg’or tili bilan yaqin qarindosh deyishga imkon beradi. O’rta asr tarixchilari va filologlari Xazar tilining bulg’or (al-Istaxriy) va Pecheneg (bijanak — M. Koshg’ariy) tillari bilan yaqinligini qayd etganlar. Venger olimi A. Vamberi, rus olimlari V.V. Grigorev, A.A. Kunik, V.V. Bartoldlar uni turkiy tillar oilasiga mansub deb hisoblaydilar. V.V. Bartold xazar shaxri nomi “Sarkel” etimologiyasini (“oq qa’la”) chuvash tilidagi ayni ma’noda bo’lgan birikma (“Shura kil” — oq uy) bilan qiyoslab, lingvistik asoslarga ko’ra uni chuvash tili bilan genetik yaqinligini qayd etadi. N.A. Baskakov esa Itil, Sarkel, Samandar, Balanjar kabi toponimlarni eng qad. xazar so’zlari deb hisoblaydi. Bir qator turkiyshunoslar hozirgi turkiy tillardan qrim-tatar, qo’miq tillarida, Ozarbayjon tilining shimoliy laxjalarida Xazar tilining ta’sirini aniqlaganlar. Shunday bo’lsada, Xazar tilining turkiy tillarga mansubligi haqidagi fikrlarning ayrimlari ilmiy faraz darajasida qolmoqda.