Xo’jamberdibiy madrasasi
Xo’jamberdibiy madrasasi — Xivadagi me’moriy yodgorlik (1688, 1834); Ichan qal’ada, polvon darvoza yaqinida. Dastlab tarkibida masjid, 10-12 hujrali, bir hovlili qilib to’rtburchak tarhli (20×38 metr) Xo’jamberdibiy madrasasi qurilgan. 1834 yil Olloqulixon madrasasi qurilishi munosabati bilan madrasa ikki hovlili qilib qayta qurilgan: shakli xurjunga o’xshagani uchun “xurjun madrasa” deb ham atalgan. Avvalgi madrasadan masjid va unga yondosh hujralar saqlangan. Bir gumbazli oddiy darvozaxona (3,0×3,0 metr) dan hovlilarga hamda Olloqulixon madrasasiga olib boruvchi yo’lak (pandus)ga o’tiladi. Shim. hovlida (11,7×9,8 metr) 10 ta hujra va Janubiy hovlida (4×7 metr) 6 ta hujra hamda darsxona (3,5×3,5 metr) joylashgan; darsxona devoriga ishlangan mehrob undan masjid sifatida foydalanilganini ko’rsatadi. Bino qiyofasi Olloqulixon madrasasi me’moriy shakliga yaqinlashtirilgan, hujralar pastqam, balxi gumbazli, soda bezaksiz; faqat eshik yog’och o’ymakorligida ziynatlangan.