Xo’jand
Xo’jand (193691 yillarda Leninobod) — shahar, Tojikiston Respublikasi Sug’d viloyati markazi. Farg’ona vodiysining g’arbiy qismida, Turkiston tizmasi bilan Mo’g’ul tog’ o’rtasida, Sirdaryo bo’yida joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi. Dushanba shahrigacha 341 kilometr. Aeroport bor. Aholisi 147 ming kishidan ziyod (2001), asosan, tojiklar va o’zbeklar, shuningdek, rus, tatar, ukrain, koreys, afg’on, nemis, qirg’iz, turkman va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Xo’jand O’rta Osiyoning eng qadimgi shaharlaridan bo’lib, miloddan avvalgi 1-ming yillikda vujudga kelgan. Arxeologik qazishmalar natijasida shahar hududidan miloddan avvalgi 6-4-asrlarga oid tarixiy ashyolar topilgan. Miloddan avvalgi 329 yilda shaharni Aleksandr Makedoniyalik egallagan. Tarixiy ma’lumotlar bo’yicha shahar 7-asrning 2-yarmida Xo’jand nomi bilan mashhur bo’lgan (Xo’jand orqali Xitoydan Yevropaga Buyuk ipak yo’li o’tgan). 8-asrda Arab xalifaligi, 13-asrda mo’g’ullar imperiyasi, 14-15-asrlarda Temuriylar, 16-asrda Shayboniylar, so’ngra Qo’qon xonligi tasarrufida bo’lgan. 1866 yilning 24 mayida shaharni podsho Rossiyasi qo’shinlari bosib oddi. Xo’jand 1924 yilda O’rta Osiyoda milliy davlat chegaralanishi o’tkazilgandan so’ng O’zbekiston tarkibiga kirgan, 1929 yildan Tojikiston tarkibiga o’tkazilgan. O’tmishda Xo’jandda kustar Ipakchilik rivojlangan. Shahar savdo va hunarmandchilik markazi sifatida Buyuk ipak yo’lining chorrahasida O’rta Osiyoni Hindiston, Eron, Yaqin Sharq, Xitoy va O’rta dengiz havzasidagi mamlakatlar bilan bog’lab turishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Shahardan o’nlab tarixiy shaxslar, Temur Malik, munajjim va riyoziyotshunos Abdumahmudi Xo’jandiy (10-asr), shoirlardan Mahasti Xo’jandiy (12-asr), Kamol Xo’jandiy (14- asr), Muhammadaminxo’ja Koshif (1825 — 87), Abdullo Fayoz (1847-1934), Asiriy; geograf va sayyoh Hoji Yusuf Mirfayozov (1842— 1925), faylasuf olim Muhammad Osimiy (1920-96) va boshqalar yetishib chiqqan. Xo’jand — mamlakatning yirik iqtisodiy va madaniyat markazi. Sanoatining asosiy tarmoqlari — to’qimachilik, metallsozlik, oziq-ovqat sanoatlari. Ipak kombinati, poyabzal, mebel fabrikalari, konserva va go’sht, sut ktlari, yog’moy ekstrakt, pilla, paxta tozalash, sirli idishlar, avtota’mirlash va boshqa zavodlar, qurilish materiallari, shisha ishlab chiqarish, matbaa korxonalari, mebelsozlik fabrikalari, “Panjshanbe” bozori faoliyat ko’rsatadi. 20 dan ziyod umumiy ta’lim maktabi, 5 oliy o’quv yurti, Tojikiston Fanlar Akademiyasining, Respublika yozuvchilar uyushmasining bo’limlari, 10 dan ziyod o’rta maxsus bilim yurti, kasb-hunar bilim yurtlari, madaniyat saroyi, musiqali drama va xalq teatrlari, o’lkashunoslik muzeyi, madaniyat va istirohat bog’i, Toshxo’ja Asiriy nomidagi viloyat kutubxonasi, Tojikiston Fanlar Akademiyasining Botanika bog’i, mehmonxonalar mavjud. Me’moriy yodgorliklardan Shayx Muslihiddin maqbarasi (14-asr), shahar qal’asi (O’rda qoldiqlari, 7-8-asrlar) saklangan. Nasriddin Mamanazarov.