Xomtok

Xomtok — tokni parvarish qilish usullaridan biri; kuzgi va bahorgi tok kesishning davomi. Xomtok qilingan tok havo, yorug’lik va quyosh nuridan to’la foydalanadi, kasallikka kam chalinadi; novda va mevalari yaxshi rivojlanadi, pishib yetiladi, hosil ko’payadi. Tok, asosan, 2 marta Xomtok qilinadi. Birinchi Xomtok tok sho’ra chiqarib, hosilli va hosilsiz novdalar farklana boshlagandan gullagunga qadar (“sho’ra xomtok”), ikkinchi Xomtok tok gullab, g’o’ralar moshdek bo’lganda (“g’o’ra xomtok”) qilinadi. Sho’ra xomtokda kundadan o’sib chiqqan baquvvat novdalardan 3— 4 tasi qoldirilib (ular qarigan zanglarni yoshartirishda foydalaniladi), qolganlari kesib tashlanadi, endigina gulga kirayotgan hosilli novdalarning uchini chilpish hosildorlikni va hosil sifatini oshiradi (novdalar vaqtinchalik o’sishdan to’xtab, oziq mod- dalar sho’ra va gullarning rivojlanishiga sarf bo’ladi). “G’o’ra xomtok” da birinchi Xomtokdan qolgan hosilsiz, ortiqcha zich va noo’rin o’sgan, asosiy novdalar va shu yilgi novdaning qo’ltig’idan o’sib chiqqan bachki novdalar olib tashlanadi. Xomtokni o’tkazish tok navi, agrotexnika tadbirlari, obhavo va yer sharoitlariga bog’liq. Kuchli o’suvchi tok navlari Xomtok qilinganda ortikcha novdalar olinib, siyraklashtiriladi. Tok o’rtacha o’sib, hosil yaxshi bo’lsa, novdalari tarab bog’lab qo’yiladi. Sust o’sgan tokning barg va novdalari oz bo’lib, ularni ortiqcha siyraklashtirish hosilni oftobdan zararlanishga olib kelishi mumkin. Xomtokda barglarni ko’plab va palapartish yulib tashlash yaramaydi. Chunki, barg siyraklashsa, hosilli novdalarga oziq moddalarning kelishi susayadi, yulingan barg qo’ltig’idagi kurtak zararlanadi. Xomtokdan keyin qoddirilgan novdalar tezda nam chipta bilan bag’azlarga bog’lanadi, aks holda ular salgina shamolda ham sinib ketadi. Jamoliddin Fayziyev.