Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi

Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi – Xorazm vohasi arxeologik madaniyati va tarixini (paleolit davridan milodiy 18-19-asrlargacha) tekshirish maqsadida uyushtirilgan ekspeditsiya (1937). Xorazmni arxeologik va etnografik jihatdan o’rganish 1928-29 yillarda boshlangan. A. Yu. Yakubovskiy boshchiligidagi ekspeditsiya Xorazmshoxdar poytaxti — Urganch (hozirgi Ko’hna Urganch) dagi me’moriy yodgorliklarni va ilk o’rta asr shahri Mizdaxqon (Xo’jayli yaqinidagi Gavr qal’a)da qazishma ishlari olib borgan. 1934 yil Toshhovuzdagi Zamaxshar shahar xarobasida M. V. Voevodskiy Ekspeditsiyasi faoliyat yurgizgan. 1936 yil Ya. G’ulomov va T. Mirg’iyosovlar Mang’it yaqinida joylashgan milodiy 1-ming yillik o’rtalariga oid zardushtiylar qabristonini tadqiq etgan. 1937 yil Ya. G’ulomov Guldursun, Norinjon va Pilqal’a shahar xarobalarini tekshirgan. Shu yildan e’tiboran Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi (rahbari — SP.Tolstoe) ish boshlagan. Ekspeditsiya tarkibi yildan yilga arxeolog, etnograf, antropolog, rassom, me’mor va boshqa mutaxassislar bilan kengaytirilgan. Ekspeditsiya a’zolari Ayoz qal’a, Bozorqal’a, Jonbos qal’a, Tuprokkal’a, Ko’ykirilgan qal’a, Qo’rg’oshinqal’a, Qizilqal’a, Ko’zaliqir, Teshikqal’a kabi noyob arxeologik yodgorliklarni ilmiy tadqiq etdilar. Qazishlar natijasida turli davrlarga mansub bo’lgan Xorazm vohasining juda ko’p tarixiy yodgorliklari: xarobalar, qal’alar, istehkomlar, kanallar, qadimgi madaniyatni o’rganishga yordam beruvchi yozuvlar, suratlar, uy anjomlari, muhrlar, kumush, mis haykalchalar topildi. Ekspeditsiya Qadimgi Xorazmning boshqa o’lkalar bilan qanday aloqada bo’lganligini o’rgandi. Natijada Xorazm qadimdan Volga-Don havzalaridagi skiflar, quyi Sirdaryo atrofidagi saklar, Janubiy Turkmaniston va Buxoro vohasi xalqlari bilan tarixiy-madaniy aloqada bo’lganligi ilmiy jihatdan asoslandi. Ekspeditsiya materiallari asosida muhim monografiyalar, ilmiy maqolalar, tarixiy ocherklar yozilgan. Ilmiy hisobotlar “Trudi Xorezmskoy arxeologo-etnograficheskoy ekspeditsii” nomi bilan nashr qilinadi. Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi faoliyati tufayli 1-marta Xorazmning arxeologiya xaritasi (1956) tuzilgan. Ekspeditsiyaning ilmiy tadqiqotlari butun O’rta Osiyoning qadimgi tarixini o’rganishda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Ad.: Tolstov S. P ., Drevniy Xorezm, M., 1948; G’ulomov Ya. G’., Xorazmning sug’orilish tarixi, T., 1959.