Xorazmiy
Xorazmiy (14-asr) shoir. O’zbek adabiyotining Navoiygacha bo’lgan atoqli vakillaridan, noma janrining asoschisi. Hayoti va ijodi haqida ayrim ma’lumotlar uning bizgacha saqlanib qolgan yagona asari “Muhabbatnoma” orqali yetib kelgan “Muhabbatnoma” Oltin O’rda xoni Jonibekning hukmdorlaridan Muhammad Xo’jabekning taklifi bilan 1353 yilda yozilgan. “Muhabbatnoma”ning “Bayoni voqeni aytur” qismidan ma’lum bo’lishicha, Xorazmiy ilgari ham ko’p she’rlar yozgan, ayniqsa, muhabbat mavzuidagi asarlari bilan shuhrat qozongan, lekin ular forsiyda yozilgan bo’lib, Muhammad Xo’jabek shoirdan ishqiy mavzuda turkiycha kitob yozib berishni iltimos qilgan. Xorazmiy asarining maydonga kelishida Avhadiy Marog’aviy (1274-75; 1337-38) ning forscha yozilgan “Muhabbatnoma” dostonining ta’siri bo’lgan. Lekin Avhadiyda nomalar oshiq va ma’shuqa nomidan yozilgan bo’lsa, Xorazmiyda oshiqning mahbubasiga yo’llagan she’riy nomalari jamlangan. Har bir maktub muallifning chuqur kechinmalari, murojaati bilan boshlansada, unda ma’shuqa husnu jamoli, fe’l-atvorining mubolag’ali tasviri birinchi o’ringa chiqadi. Nomalar mohiyat e’tiboriga ko’ra, vasf bilan madhning sintezidan iborat. Asar bilan Navoiy ham tanish bo’lgan. “Muhokamat ullug’atayn”da turkiy tilning boyligini isbotlamoq maqsadida “Muhabbatnoma”dan misol keltiradi. “Muhabbatnoma”ning 2 ta qo’lyozma nusxasi (uyg’ur va Arab yozuvlarida) ma’lum. Shulardan eskisi uyg’ur yozuvidagi nusxa bo’lib, Britaniya muzeyida (inv. № 8193) saqlanadi. Nusxa Shohruxning Hirotdagi sarkardasi Mir Jaloliddin topshirig’i bilan Bakir Mansur tomonidan 1432 yilning martida Yazd shahrida ko’chirilgan. O’nta noma berilgan. 364 baytdan tarkib topgan. Asarning Arab yozuvidagi 2-nusxasi ham Britaniya muzeyida saqlanadi (inv. №Add 7914), 1508-09 yillarda ko’chirilgan, 474 baytdan tarkib topgan. Mafoiylun mafoiylun fauvlun vaznida yozilgan. “Muhabbatnoma” keyingi shoirlarga katta ta’sir ko’rsatgan. Xo’jandiy (“Latofatnoma”), Yusuf Amiriy (“Dahnoma”), Sayyid Ahmad (“Taashshuqnoma”) unga Nazira bitganlar. As: Muhabbatnoma, T., 1959; Muhabbatname, M., 1969. Ad.: Mallaev N. M., Uzbek adabiyoti tarixi, T., 1965; O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 1J., T., 1977. Begali Qosimov