XRISTIANLIK
XRISTIANLIK — jahonda keng tarqalgan dinlardan biri. Yevropa, Amerika mamlakatlarida, Avstraliyada, faol missionerlik xarakati natijasida Afrika, Yaqin Sharqda va Uzoq Sharqning bir necha mintaqalarida keng yoyilgan. Xristianlikning asosiy g’oyasi xudo odam — Iisus Xristos haqidagi rivoyatlar bilan bog’liq. Xristianlik ta‘limotiga ko’ra, Xudo yagona, lekin u muqaddas uchlikda namoyon bo’ladi. Xristianlikning aqidalari, e‘tiqod talablari, huquqiy va axloqiy normalari, cheklash va taqiqlari Bibliya va boshqa muqaddas kitoblarda o’z ifodasini topgan. Xristianlik I asrning 2-yarmida Rim imperiyasining Sharqiy qismida yashovchi yahudiylar o’rtasida paydo bo’lgan. Rim imperiyasining g’arbiy va Sharqiy qismidagi o’ziga xos tarixiy taraqqiyot Xristianlik cherkovini ikkiga: katolik va pravoslav bo’linishiga olib keldi. Xristianlikning bu bo’linishi 1054-yilda rasman e‘tirof etilgan bo’lsada, biroq bu jarayon XIII asrning boshlarida tugallangan. XVI asrda reformatsiya natijasida Yevropadagi qator cherkovlar katolitsizmdan ajralib chiqib, Xristianlikning uchinchi asosiy oqimi — protestantizm yuzaga keldi. XIX asrning oxirida xristian cherkovlarining missionerlik faoliyati kuchaydi. Jahonda bu dinga taxminan 2 mlrd.dan ortiq kishi e‘tiqod qiladi.