Xronika
Xronika (Yunoncha chronika — yilnoma) — 1) adabiy janr. Voqealarning tarixan izchil bayonini o’z ichiga oladi. Xronikada vaqt tarixiy jarayonning sub’yekti tarzida aks etadi. Xronika syujeti vaktning o’zgarishi ta’sirida uyushtiriladi, asar voqealari va personajlar takdiri vaqtga bog’liq holda o’zgaradi. Xronika syujetini Real tarixiy vaqtdan boshlangan voqealar sur’ati, davomiyligi, tartibi va ritmi tashkil etadi. Xronika dastlab miflar va epik syujetlarning tarixiy asosini belgilovchi unsurlar shaklida namoyon bo’lgan. Qadimgi Injil kitoblarida va Island Sagalarida Xronikadan foydalanilgan. O’rta asrlarda Xronika mustaqil tarixiy janr— yilnomalarda ko’p uchraydi. Uyg’onish davridan boshlab Xronika materiallaridan badiiy maqsadlarda foydalaniladi. Shekspir dramalarida Xronika unsurlari ishlatilgan. Keyinroq xronikal bayon usullarini qo’llash estetik ma’no kasb etdi. 20-asrda epik usul taraqqiyoti bilan bog’liq holda va adabiyotning hujjatlilikka intilishi tufayli Xronika keng avj oldi (masalan, S.Ayniyning “qullar” romani va boshqalar); 2) vaqtli matbuotda, radio, televideniye, kinoda siyosiy, xujalik, madaniy va boshqalar hayotga oid kundalik voqealarni axborot tarzida yorituvchi material.