YAHUDIY YOZUVI
YAHUDIY YOZUVI — oromiy yozuvidan kelib chiqqan g’arbiy som yozuvining bir tarmog’i; ivrit, idish, ladino (yahudiy ispan) va boshqalar tillarda so’zlashuvchi qadimiy va hoz. yahudiylarning yozuvi. “Yahudiy kvadrat yozuvi” (yozuvning bunday nomlanishi belgi, harflarga kvadrat shaklini berishga intilish bilan bog’liq) deb ataluvchi bu yozuvda qadimiy yahudiy tilida, shuningdek, ivrit, idish kabi zamonaviy yahudiy tillarida boy diniy, falsafiy, badiiy adabiyot yaratilgan, “Injil”ning qadimiy ahd qismi yozilgan; u eng kamida miloddan avvalgi 3-2-asrlardan beri qo’llanib keladi. Kvadrat yozuvgacha ham qadimiy yahudiy yozuvi mavjud bo’lib, u miloddan avvalgi 11— 5-asrlarda amalda bo’lgan. Bu yozuvning namunalari toshbitiklarda, tangalarda saqlanib qolgan. Lekin qadimiy yahudiy yozuvining yahudiy kvadrat yozuvi bilan biror bir bog’liqligi yo’q. Qadimgi yahudiy yozuvidan oromiy kvadrat yozuviga o’tish miloddan avvalgi 5-asr o’rtalaridan boshlangan. O’rta asrlarda kvadrat alifboning bir qancha turlari va kursiv shakllari paydo bo’ladi. Mazkur alifbolar undosh tovushlarni ifodalovchi 22 harfdan iborat bo’lib, ularda unli tovushlar uchun harflar bo’lmagan. Biroq keyinchalik p, V, undosh harflari ba’zi unlilarni ko’rsatish uchun ham qo’llangan, 7-8-asrlarda esa unlilar uchun satr osti va boshqalar diakritik belgilar joriy qilinib, ular Injilda, she’riy matnlarda, bolalar kitoblarida, darsliklar va boshqalarda ko’llanadi. Yahudiy harflarining an’anaviy nomlari qadimiy g’arbiy som alifbosidagi harflarning nomlaridan kelib chiqqan. Alifbodagi harflar tartibi haqida ham shunday fikrni aytish mumkin. Yahudiy yozuvi o’ngdan chapga qarab yoziladi. Yahudiy yozuvi som tillari (qadimgi yahudiy, oromiy, Arab)ga nisbatan qo’llangandagina o’z konsonantligini (unli harflar yo’qligini) saqlab qoladi. Idish, ladino, qaraim (turkiy) tillaridagi Yahudiy yozuvi esa konsonant yozuvdan fonografik yozuvga aylangan. Hozirgi ivritda unlilarni ko’rsatuvchi maxsus belgilar qadimgidan ko’ra kengroq qo’llanadi. Hozirgi Yahudiy yozuvida asosan yevropacha tinish belgilari ishlatiladi. Ad.: Tayni drevnix pismen, M., 1976; Fridrix I., Istoriya Pisma, Per. s nem., M., 1979; Gelb I.E., Opnt izuche- niya Pisma, Per. s angl., M., 1982.