YANGI VENA MAKTABI

YANGI VENA MAKTABI, ikkinchi Vena maktabi — A. Shyonberg va uning shogirdlari A.Berg, A.Vebern, E.Velles, X.Eysler va boshqalarning hamkorligi natijasida Venada qaror topgan ijodiy yo’nalish, musiqiy modernism ko’rinishlaridan biri. 20-asrning 1-yarmida G’arbiy Yevropada yuz bergan ijtimoiy va madaniy inqiroz (1 va 2-jahon urushlari, fashizm, ma’naviy-madaniy qiymatlarning qadrsizlanishi va boshqalar) Yangi vena maktabi kompozitorlari ijodida o’z aksini topib, asarlarida “kichik odam”ning fojiasi, insonga achinish hissi, fashizmga qarshi norozilik kabi badiiy mavzu va obrazlar, musiqiy ekspressionizm tamoyillari orqali namoyon bo’ldi. Badiiy yangilanish, o’z navbatida, Yangi vena maktabi vakillari ijodidagi musiqiy uslub, ifoda vositalarining tubdan o’zgarishiga, atonallik, Dodekafonsh kabi musiqa tizimlarining qaror topishiga olib keldi. 20-asrning qator (I.Stravinskiy, D.Shostakovich, Q.Qoraev va boshqalar) yirik kompozitorlari mazkur maktab an’analaridan foydalangan.