“YAYLOV YO’LI”

“YAYLOV YO’LI”, “Oltin yo’li” — Xitoydan Mongoliya, Oltoy va Qozog’iston yaylovlari orqali o’tib Janubiy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga boradigan qadimiy savdo yo’lining nomi. Keyingi paytlarda ushbu yo’l ham Buyuk ipak yo’li deb atalmoqda. Yo’lning “oltin yo’li” deb atalishi uning qadim zamondagi Oltin tog’, ya’ni Oltoy tog’ etaklarida joylashgan yaylovlardan o’tganligi bilan bog’liqdir. Hun imperiyasi, Turk xoqonligi, Uyg’ur xoqonligi va mo’g’ul imperiyasi davrida siyosiy, harbiy va iqtisodiy jihatdan ushbu yo’lning mavqei baland bo’lgan. Qadim zamondan Xitoyga sotiladigan otlar va boshqalar hayvonlarni haydab borishda ushbu yo’ldan foydalanilgan. Xitoy, O’zbekiston, Eron, Turkiya kabi mamlakatlarning shim.da bepoyon dalalar va yaylovlar joylashgan. Arxeologik ma’lumotlar, qoya toshlarga solingan suratlar va yozma manbalar ham ushbu dalalarda bundan bir necha ming yillar muqaddam chorvachilik bilan shug’ullanadigan xalqlar yashaganligini to’la tasdiqlaydi. Mo’g’uliston, Oltoy, Shimoliy Qozog’iston kabi joylarda ochilgan qabrlar ichidan topilgan ipak mato bo’laklari, mis va jezdan yasalgan ko’zgu, temir asboblar ushbu mintaqalarning Xitoy va G’arb mamlakatlar bilan aloqada bo’lganligidan dalolat beradi. Xitoy adabiyotida ushbu yo’l “Tsaoyuan Lu” (“yaylov yo’li”), “Tsaoyuan si- Chou chjilu” (“yaylovlararo o’tgan ipak yo’li”) deb ataladi. Olimlarning fikricha, miloddan oldingi bir necha asr davomida Yevropa mamlakatlarida paydo bo’lib qolgan Xitoyning ipak matolari ma’lum miqdorda “Yaylov yo’li” orqali borgan. “Yaylov yo’li” da harakat qilgan xalqlar chorva bilan birga hunarmandchilik, jundan mato, gilam to’qish, aravalar yasash, temirchilik va metalldan qurolyaroq, turli buyumlar ishlab chiqarish bilan shug’ullangan. O’z mahsulotlarini o’troq xalqlar ishlab chiqargan mahsulotlarga almashgan. Shu bois mazkur yo’lni ham “ipak yo’li” deb atasa xato bo’lmaydi. Ammo yaylovlararo o’tgan yo’lni Buyuk ipak yo’lining asosiy magistral yo’nalishi deb aytish qiyin. Binobarin, qadimiy Xitoy manbalarida G’arb bilan Sharqni bog’lab turgan asosiy savdo yo’li qadimiy Xitoydan, ya’ni Xuanxe daryosining o’rta va quyi qirg’oqlaridagi shaharlardan Xesi yo’lagi, Taklamakon cho’li atrofidagi shaharlar, Pomir, hozirgi Qirg’iziston, O’zbekiston, Turkmaniston, Eron, Turkiya orqali Yevropaga boradigan yo’llardan iboratligi bayon etilgan. Abdulahad Xo’jayev.