YELBO’G’OZ
YELBO’G’OZ, tuxum istisqosi (Mola hydatidosa) — trofoblastik kasallik; xavfsiz o’sma deb ham yuritiladi, chunki ba’zan ayrim bemorlarda Yelbo’g’oz metastazi kuzatiladi. Yelbo’g’oz o’sishi homila tuxumining ilk muddatlarida sodir bo’lib, bunda xorion vorsinkalari uzum shingiliga o’xshash pufakchalar to’plamiga aylanadi. Homila tuxumi butunlay Yelbo’g’oz pufakchalariga aylanishi yoki ayrim hollarda embrion saqlanib, plasenta Yelbo’g’ozga aylanishi kuzatiladi. Ba’zan Yelbo’g’oz pufakchalari bachadonning muskul (miometriy) kavatiga ham o’sib kiradi va bachadon devorining sirtiga, shuningdek, atrofidagi to’qimalarga ham o’tishi (destruktsion Yelbo’g’oz) mumkin. Yelbo’g’oz dastlab xuddi homiladorlikday kechsada, tezda kon keta boshlab, uzluksiz davom etadi. Bachadon homiladorlikning tegishli oyidagiga nisbatan kattaroq bo’ladi; ona organizmi bilan homila orasidagi moddalar almashinuvi izdan chiqadi, ko’pincha homila nobud bo’ladi. Ultratovush (uzi) apparati Yelbo’g’ozni oson aniqlash imkonini beradi. Yelbo’g’ozni o’z vaqtida aniqlab oldini olish zarur, aks hrlda qon ketishi, infektsiya rivojlanishi, xavfli o’sma (xorionepitelioma)ga aylanib ketishi mumkin. Davolash: bachadonni qirib tozalab Yelbo’g’oz olib tashlanadi va ayol ma’lum muddatgacha tibbiy tekshiruvdan o’tib turadi. Yelbo’g’oz bo’lgan ayolga bir yilgacha takror homilador bo’lishiga ruxsat etilmaydi.