Yer magnetizmi, geomagnetizm
Yer magnetizmi, geomagnetizm– Yerning magnit maydoni; magnit og`ishi, magnit enkayishi bilan xarakterlanadi. Kompas magnit strelkasining bir uchi shimolni, ikkinchi uchi janubni ko`rsatadi. Magnit strelkasi yo`nalishi bo`yicha o`tkazilgan chiziq magnit meridiani deyiladi. Magnit meridiani geografik meridian yo`nalishiga to`g`ri kelmaydi. Magnit meridiani bilan geografik meridian orasidagi burchak magnit og`ishi deyiladi. Yer yuzasining turli joyida magnit og`ishi burchagi turlicha. Strelka geografik meridiandan g`arbga burilsa, g`arbiy og`ish, sharqqa burilsa, sharqiy og`ish deyiladi. Magnit meridianlari uchrashgan joylar magnit qutblari deyiladi. Magnit qutblari holati o`zgarib turadi. Masalan, 1931-yilda Shimoliy magnit qutbi 70,5° shimoliy kenglik va 96°46′ g`arbiy uzunlikda bo`lgan bo`lsa, 1970-yilda esa 75,05° shimoliy kenglik va 99,01° g`arbiy uzunlikda edi. Magnit og`ishini bilish oriyentir olishda, dengizda suzishda, aviatsiyada va boshqa sohalarda katta ahamiyatga ega. Magnitlangan strelka yo`nalishi bilan yerdagi gorizontal yuza o`rtasida ma’lum burchak hosil bo`ladi, ana shu burchak magnit enkayishi deyiladi. Ekvatorda magnit enkayishi burchagi deyarli 0°ga teng bo`ladi, magnit qutblarida esa bu burchak 90° ga teng, ya’ni strelka vertikal holatga keladi. Ma’lum joyda magnit strelkasining normal holatdan farq qilishi magnit anomaliyalari deb ataladi; magnit anomaliyalari yer po`sti ichida temir rudasining katta konlari borligi oqibatidir. Yer magnetizmi asriy tebranishga va tez o`zgarish xususiyatiga ega.