YERBODOM

YERBODOM, chufa (Cyperus esculentus L.) — hiloldoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’tsimon o’simlik; bir yillik moyli ekin. Vatani—Afrika. Afrikada (oq Nil havzasida) yovvoyi holda o’sadi. Misrda miloddan avvalgi 3-asrdan boshlab ekib kelingan. Bo’yi 50-100 santimetr, bardisimon shaklda o’sadi. Gullari mayda, ikki jinsli, ildizpoyalarining uchi tuganaksimon, yo’g’onlashgan. Namsevar va issiqsevar o’simlik. Vegetatsion davri 110-120 kun. O’rta dengiz mamlakatlari, Ispaniyada, tropik va Janubiy Afrikada, Hindiston, Shimoliy Amerika, qisman O’rta Osiyoda, Rossiyada (Volgabo’yida) bir yillik ekin sifatida ekiladi. Tuganagida 30— 35% kraxmal, 15-20% shakar, 20-25% gacha moy, 3-7% oqsil mavjud. Hosildorligi quritilmagan tuganak bo’yicha 2-4 tonna/gektar. Yerbodom tuganagidan ovqatga ishlatiladigan, qurib qolmaydigan yog’ olinadi; parfyumeriya, tibbiyot va texnikada ham ishlatiladi. Bargidan qog’oz va arqon tayyorlanadi. Tuganak mevalarining mazasi bodomni eslatadi. Dilorom Yormatova.