YETS
YETS, Yets, Eyts (Jeats) Uilyam Batler (1865.13.6, Sandimaunt, Dublin yaqinida — 1939.28.1, Rokbryun, Frantsiya) — irland shoiri va dramaturgi, simvolizm namoyandasi. 90-yillardagi “irland uyg’onish davri” madaniy harakatining tashabbuskori va qatnashchisi. Birinchi milliy teatr asoschisi. Irland adabiyot akademiyasini tashkil etishda qatnashgan. Yets ijodi irland folklori bilan mustahkam aloqada rivojlangan: “Ossianning sarguzashtlari” (1889) dostoni, “sirli atirgul” (1897) she’riy to’plami va boshqalar. “Xulienning qizi Ketlin” (1902) pyesasida irland xalqining milliy ozodlik harakati qo’llab quvvatlangan. “Minora” (1928), “aylanma zina” (1933) she’riy to’plamlarida tushkunlik kayfiyati seziladi. Ijodida kelt mifologiyasiga murojaat qilgan, bu unga milliy irland adabiyotini qayta tiriltirish imkonini berdi. Yets o’zining sahna asarlari bilan she’riy dramaning taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shdi. Umrining so’nggi yillaridagi asarlarida ramziy obrazlarning ko’pligiga qaramay, kiborlar jamiyatidagi ikkiyuzlamachilik va riyokorliklar qoralanadi. Nobel mukofoti laureati (1923).