YEVROPA INVESTITSIYA BANKI

YEVROPA INVESTITSIYA BANKI (European Investment Bank) — Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning hukumatlararo kredit tashkiloti. 1958 yilda tashkil etilgan. Dastlabki bank hamjamiyat doirasidagi qoloq mintaqalarni investitsion moliyalash, sanoat modernizatsiyasi va konversiyasini, shuningdek, hamkorlikdagi loyihalarni moliyalash kabi masalalarda uzoq muddatli kreditlar berish va ularni kafolatlash yo’li bilan Yevropa umumiy bozorini rivojlantirishni ko’zda tutgan edi. Keyingi paytda turli bitimlarning imzolanishi natijasida Yevropa investitsiya banki Yevropa hamjamiyatiga aloqasi bo’lmagan Afrika, Karib dengizi va tinch okeani havzalari hududidagi mamlakatlarga, shuningdek, Yevropa hamjamiyati bilan hamkorlik qilish to’g’risida bitimga ega bo’lgan O’rta yer dengizi atrofidagi davlatlarga ham bank xizmati ko’rsatish imkoniyatiga ega bo’ldi. Yevropa investitsiya banki o’z operasiyalarini Yevropa Ittifoqi kapital bozori hamda xalqaro kapital bozoridan olingan mablag’lar hisobiga amalga oshiradi. Shuningdek, bank loyihalarni moliya-kredit tashkilotlari tomonidan beriladigan “jahonshumul zayom” lar hisobiga ham moliyalashi mumkin. 1981 yildan Yevropa to’lov Ittifoqi hisob birligi o’rnida EKYUdan foydalandi, 1999 yil 1 yanvardan EKYu o’rnini yangi xalqaro pul birligi — yevro egalladi. Bankni ishtirokchi mamlakatlar moliya vazirlaridan iborat direktorlar kengashi boshqaradi. Boshqaruv Lyuksemburg shahrida joylashgan.