YIL

YIL — vaqt o’lchov birligi: Yerning Quyosh atrofida bir marta to’la aylanib chiqadigan vaqtga yaqin. Uning davomiyligiga olimlar qadimdan qiziqqanlar. Qadimgi Xitoy va Misrda yil ancha aniq hisoblangan. Yunon olimi Gipparx miloddan avvalgi 2-asrda yil “1/300 kuni kam 365 1/4 kun” ekanligini aniqlagan. Bu esa hozirgidan farq qiladi. Hozirgi vaqtda turli yil tushunchalari qo’llaniladi. Masalan, Quyoshning ko’rinma harakatida uning yulduzlarga nisbatan ketma-ket 2 marta bir xil vaziyatni egallashi orasida o’tgan davr yulduz yili (siderik yil) deyiladi; uning davomiyligi 365,256360 o’rtacha sutkaga teng. Quyoshning bahorgi teng kunlik nuqtasidan ketma-ket 2 marta o’tishi orasidagi davr tropik yil deyiladi, u 365,242196 o’rtacha sutkaga teng. Bundan tashqari, anomalistik yil — Quyoshning perigeliydan ketma-ket 2 marta o’tish orasidagi davr (365,259641 o’rtacha sutka), ajdar yil — Quyoshning oy orbitasi tugunlarining biridan (ko’tariluvchi yoki pasayuvchi) ketma-ket ikki marta o’tishi orasidagi davr (346,620047 o’rtacha sutka) va boshqalar. Yil hisoblari mavjud. Shuningdek, Yilning fasl, oylarga bo’linishi va davomiyligiga qarab hijriy – qamariy, hijriy-shamsiy yil hisoblari va hokazolar mavjud.