YO’L BELGILARI

YO’L BELGILARI — haydovchilar, piyodalar, yo’lovchilar, yo’l ta’mirlovchilar, chorva mollarini haydab boruvchilarning avtomobil yo’llari va shahar ko’chalarida harakatlanishini tartibga solish, ularni xavfli uchastkalar haqida ogohlantirish uchun tegishli joylarga osib qo’yiladigan shartli belgilar. Yo’llarda harakatlanishni tartibga solishga ilgaridan harakat qilingan. Otaravalar va izvoshlar o’rnini avtomobillar va boshqa transport vositalari egallay borgan sari qoidalar, ulardagi belgilar ham takomillashib bordi. Yo’l belgilaridagi grafiklar, texnik tafsilotlar 1968 yilda Venada o’tkazilgan “yo’l belgilari va signallari haqidagi Konventsiya” hamda bu konventsiyani to’ldiruvchi Yevropa kelishuvi (1971, Jeneva) talablariga ko’ra ishlab chiqildi. O’zbekiston Respublikasida 2001 yilda xalqaro me’yorlar asosida, mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda yangi “yo’l harakati qoidalari” ishlab chiqildi. Bu qoidalarga Yo’l belgilarining quyidagi asosiy 4 ta: ogohlantiruvchi, imtiyoz, taqiqlovchi, buyuruvchi guruhi va undan tashqari axborot-ishora, servis, qo’shimcha axborot belgilari kiritilgan. Ogohlantiruvchi belgilar — yo’l harakati qatnashchilariga yo’lning harakatlanishda vaziyatga qarab chora ko’rishni talab qiladigan xavfli qismlarining joylashuvi hamda ularning xususiyatlari to’g’risida ma’lumot berish uchun qo’llaniladi. Imtiyoz belgilari — chorrahalarda, alohida joylashgan qatnov qismlari kesishgan joylarda, shuningdek yo’lning tor qismida yo’l harakati qatnashchilarining harakatlanish navba-tini belgilash uchun qo’llaniladi. Taqiqlovchi belgilar — yo’l hara-katiga ma’lum cheklashlar kiritish yoki ularni bekor qilish uchun qo’llaniladi. Buyuruvchi belgilar — transport vositalariga ko’rsatilgan yo’nalishda yoki faqat ma’lum yo’nalishlarda harakatlanishlari lozimligini buyuradi. Axborot-ishora belgilari — harakat qatnashchilariga yo’ldagi harakat tartibi xususiyatlari hamda aholi yashaydigan joylar va manzillarning joylashuvi haqida ma’lumot berish uchun qo’llaniladi. Servis belgilari — transport vositalari, yo’lovchilar va haydovchilarga xizmat ko’rsatish joylari xaqida ma’lumot berish uchun qo’llaniladi. Qo’shimcha axborot belgilari — ular bilan birgalikda qo’llanilgan belgilarga aniqlik kiritish yoki ularning ta’sirini cheklash uchun qo’llaniladi. Barcha belgilar qorong’i paytlarda yoritilib turiladigan bo’lishi yoki kamida 100 metr naridan ko’rishga imkon beradigan materiallar bilan qoplanishi lozim. Ad.: Yo’l harakati qoidalari, T., 2001. Sobir Abdurasulov.