YONG’OQ
YONG’OQ (Juglans regia L.) — yong’oqdoshlar oilasiga mansub daraxtlar turi, yong’oqmevali daraxt. Yovvoyi holda Kichik Osiyo, Bolqon yarim oroli, Kavkaz, Eron, Xitoy, Koreya yarim oroli, Afg’onistonda o’sadi. O’rta Osiyo tog’larida tabiiy yong’oqzorlar ko’p. Jahondagi ko’pgina mamlakatlarda ekma yong’oqzorlar barpo qilingan. Yong’oq O’zbekistonning tog’li zonalarida va deyarli barcha sug’oriladigan mintaqalarida o’stiriladi. Bo’yi 15— 30 metr, yo’g’onligi 1,5—2 metrgacha boradi. Shox-shabbasi qalin, keng sharsimon yoki qubbasimon, ildiz tarmog’i baquvvat, 4 metr va undan ortiq chuqurlikka boradi. Bargi yirik (20-40 santimetr), 5-11 bargchalardan tuzilgan murakkab barg, hushbo’y (efir moyli). Guli bir uyli, ayrim jinsli, changchisi (otalik guli) — kuchalasi o’tgan yilgi novdada to’da-to’da, urug’chisi (onalik guli) yangi novda uchida va barg qo’ltig’ida bitta yoki 2-3 tadan, ayrim navlarida 5-10 donadan shingil shaklida joylashadi. Mevasi — yong’oq, dumaloq yoki cho’ziqroq, po’chog’i qattiq, yumshoq, g’alvirak tuzilishga ega. Bir dona yong’og’i 5-23 gramm atrofida (mag’zi 40-75%). 150-200 yil hosil beradi, 300-400 yil yashaydi. Yong’oq yorug’sevar o’simlik. Yer osti suvlari yuza bo’lmagan, lekin nami yetarli, karbonatli, qumoq, shag’alli tuproqlarda yaxshi usadi. Vegetatsiya davri 165 — 210 kun. Aprel — mayda gullaydi, mevasi sentabr — oktabrda pishadi. Yong’oqzorlardan 30-50 tsentner/gektar hosil olish mumkin. Yong’oq bargi, po’sti, po’stlog’ida katta miqdorda oshlovchi moddalar, mag’zi tarkibida 45— 72% yog’, 8-21% oqsil, 20% uglevodlar, vitamin V, S, provitamin A va bshqa moddalar bor. Yong’oq asalli o’simliklardan hisoblanadi. Yong’oq mag’zi yeyiladi va qandolatchilikda, bargi va meva qobig’i esa tibbiyot va parfyumeriyada ishlatiladi; mag’iz moyidan oziq-ovqat sifatida, lok tayyorlashda, yuqori sifatli sovun, bosmaxona siyohi va tush olishda, yog’ochi va g’uddasidan mebel, mashinasozlik sanoatida foydalaniladi. Bargi, po’stlog’i va mevasining yashil qobig’idan gazmol, jun, gilam tayyorlashda ishlatiladigan bo’yoqlar, oshlovchi moddalar (vitamin kontsentratlari) tayyorlanadi. Ihota va agroo’rmon melioratsiya daraxtzorlari barpo etishda, manzarali bog’dorchilikda ahamiyati katta. Yong’oq, asosan, yong’og’idan va payvandlash yo’li bilan ko’paytiriladi. Payvand qilingan daraxti ertaroq (4-6 yili), yong’og’idan o’sgan ko’chatlar 6—10 yilda hosilga kiradi. To’nkasidan chiqqan yangi novdalar ham yaxshi o’sib, 3—4yili hosil beradi. Ko’chati 10×10 yoki 12×12 metr oraliqda o’tqaziladi. Yong’oqzorlar har yili gektariga 120 kilogramm azot, 60-90 kilogramm fosfor hisobidan har 3 yilda bir marta gektariga 30-40 tonna hisobidan go’ng bilan o’g’itlanadi. Navlari. R. R. Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Bo’stonliq (Xumson) filialida Yong’oqning ko’pgina navlari yaratilgan. O’zbekistonda asosan quyidagi navlari ekiladi. Bo’stonliq — daraxti balandligi 16 metrgacha boradi. Mevasi yirik (13,3 gramm), tuxum shaklida, po’chog’i och sariq, yupqa. Mag’zi po’chog’idan oson ajraladi. Mag’zi chiqishi 48,6%. Tarkibida 68,8% yog’ va 2,2% qand bor. G’alvirak (yupqa po’choq) — daraxti 16 metrgacha. Mevasi o’rtacha (9-9,5 gramm), tuxum shaklida, po’chog’i oqishsariq, yupqa. Mag’zi po’chog’idan oson ajraladi, tarkibida 68,8% yog’ va 3% qand bor. Antiqa — daraxti 9 metrgacha, guli oldinma-keyin ochiladi, erta ko’klamda gullaydi, lekin yoz oylarida ham qayta gullashi mumkin. Dastlab tukkan hosili sentabr oxirlarida, so’nggisi dastlabkisidan 6-7 kun keyin pishadi. Mevasi o’rtacha (10 10,5 gramm), yassiyumaloq, po’chog’i oqishsariq. Mag’zi po’chog’idan yaxshi ajraladi, tarkibida 67,1 % yog’ va 3% qand bor. O’zbekistonda Yong’oqning yana Konsoy, Pioner, Vatan, yubiley, Do’rmon1, Do’rmon2 va boshqa navlari o’stiriladi. Asosiy zararkunandalari: yong’oq qurti, yong’oq galla kanasi, barg o’rovchilar. Ularga qarshi kurashda insektisidlar, 0,5% li ohak-oltingugurt qaynatmasi va boshqalar qo’llaniladi. Ad.: To’ychiyev M., Yong’oq, T., 1971; Kamolov Sh., O’zbekistonning tabiiy yong’oqzorlari, T., 1971. Abdushukur Xonazarov, Rixsivoy Jo’rayev.