YONG’OQ QURTI
YONG’OQ QURTI (Sarrothypus rausculana Srsh.) — yong’oqmevalilar zararkunandasi. Kapalagi 8-9 millimetr, qanoti yozilganda 13-23 millimetr. Qanoti kulrang. Tuxumi 0,5 millimetr. Qurti 16 millimetrgacha, qizg’ish yoki och yashilqo’ng’ir, uzun tuklar bilan siyrak qoplangan, boshi va ko’krak oyoqlari qo’ng’ir. G’umbagi 11 millimetr, jigarrang, usti oq, osti yaltiroq. Yong’oq qurti, asosan, O’rta Osiyo va Janubiy Qozog’istonda tarqalgan. Yong’oq mevasini va yosh novdalarini zararlaydi. Qurttushgan yong’oq pishmasdan to’kiladi. Yong’oq qurti daraxt po’stlog’i ostida va yoriqlarida pilla o’rab qishlaydi, erta ko’klamda g’umbakka aylanadi, kapalaklari aprelda ucha boshlaydi. Tuxumini xom yong’oqqa 1-2 tadan qo’yadi. Tuxumdan chiqqan qurtlar yong’oq mag’zini yeydi. Yong’oq qurti yiliga 2-3 avlod beradi. Kurash choralari: daraxt tanasiga qurt ushlagich — dorilangan poxol, qop belbog’ bog’lab qo’yiladi. Yong’oq qurti kapalagi uchish davrida (birinchi avlodi may, ikkinchi avlodi iyun — iyul oylari) daraxtga zalon (2,4— 4l/ga), desis (0,5—1,0 l/ga) kabi insektisidlarning 0,2 0,3% eritmasi purkaladi.