Yosh onalarga shifokor maslahatlari

Rus tilidan M.Muslimov tarjimasi.

Mana, ne-ne orzu-umidlar bilan kutilgan farzand dunyoga keldi. Ota-onaning, buvi-buvalarning, xullas oiladagilarning quvonchi cheksiz! Chaqaloq ingasi oila baxtidan, avlod davom etishi, ya’ni shu xonadon chirog’i o’chmasligidan dalolat beradi. Biroq farzand dunyoga kelar ekan, ota-onaning, uydagilarning tashvishlari ham ortadi. Ayniqsa, ota-ona yosh, bola parvarishi xususida tajribasi bo’lmasa ancha qiynaladi. Chunki go’dakni dunyoga kelgan lahzadan ko’krak berib emizish, oq sut bilan dili joniga ota-onaga mehr-muhabbatni singdirish, uni qalb qo’ri bilan parvarish qilish, turli kasalliklardan, issiq-sovuqdan ehtiyot qilish va oqillik bilan tarbiyalashga kirishish kerak. Zero, kelajakda shu go’dak aql-zakovatli, vatanimizning dovrug’ini yanada oshiradigan ulug’ inson bo’lib yetishadi. Vatan taqdiri, kelajak baxt-saodat ana shu murg’ak go’daklar qo’lida, ana shular buyuk ishlarimizning davomchilari hisoblanadi.

Bas, shunday ekan, farzandlarimiz zuvalasi pishiq, yetti muchasi sog’-salomat, ham jisman ham ruhan sog’lom odob-axloqli, mehr-oqibatli bo’lib kamolatga yetishmoqlari kerak. Buning uchun esa yana bir bor ta’kidlash joizki, farzand tarbiyasiga juda katta ahamiyat berish zarur.

Bola tarbiyasi haqida juda ko’p kitobchalar, risolalar tavsiyalar bor. Biroq hayotda farzand tarbiyasiga andoza yo’q va bo’lishi ham mumkin emas. Zero, dunyoda qancha odam bo’lsa hamma jihatdan bir-biriga aslo o’xshamaydi. Biroq uning kelajakda yaxshi-yomon, oqil va noqobil, odobli-odobsiz, mehr-muruvvatli yoki toshbag’ir bo’lib o’sishi, kasalvand yoki aqlan va jismonan sog’lom bo’lishi asosan oila va jamiyat, qolaversa mahalla ahli tarbiyasiga bog’liq. Bolaga aqli kirgan kundan boshlab Ona Vatanga muhabbat, sadoqat tuyg’usini singdirish kerak. Ana shunda bola kindik qoni to’kilgan ona yurt qadriga yetadigan, uni e’zozlaydigan, halol, rostgo’y, shu Vatanning munosib farzandi bo’lib kamol topadi.

Eng muhimi, oilada ota-ona ma’rifatli, har tomonlama, xususan bola tarbiyasida tibbiy bilimga ega bo’lishi lozim. Zero, xalq salomatligi, vatan boyligi, uni saqlash va asrab-avaylash har bir fuqaroning vazifasi, davlat siyosatining asosiy mohiyati hisoblanadi.

Prezidentimiz taklifi bilan 2000 yilni “Sog’lom avlod” yili deb e’lon qilish davlatimizning oila, onalik va bolalar manfaati yo’lida ko’rsatayotgan g’amxo’rligining timsolidir.

Shuning uchun o’sib kelayotgan yosh avlod sog’lig’i haqida ota-onalar, pedagoglar, shifokorlar, psixologlar, sotsiologlar hamkorlikda ish ko’rishlari kerak.

Afsuski, oilada, bog’cha va maktablarda bolalarning jismoniy, gigiyenik va ma’naviy tarbiyasiga yetarlicha ahamiyat berilmaydi, ko’pchilik ota-onalarda pedagogik madaniyat yetishmaydi, bolalar fiziologiyasi, kasalliklari va ularning oldini olish, qobiliyatlar, mayl-istaklari, salomatlikni mustahkamlashda, fizkultura va sportning juda katta ahamiyati borligi haqida uncha bilimga ega emaslar. Shuni unutmaslik kerakki, oiladagi urf-odatlar, muhit, insoniy fazilatlar, tinch-totuvlik bola taqdiriga asos solidi. Oila hayot maktabi, dorilfununi.

Bolani kunduzi uxlatish shartmi?