YUECHJI

YUECHJI, yuechji, yuychji, yovchi, qadimiy o’qilishda — rutziyo, ruzie — miloddan avvalgi 11-asrda Dunxuan (Dashtiota) va Chilanshan (Nanshan) tog’lari atrofida turkiy qavm (Di) tomonidan barpo etilgan davlat (tarsxiy adabiyotlarga etnik nom sifatida kirib qolgan) nomi. Miloddan avvalgi 3-asrda ushbu davlat hunlar tomonidan tugatilgan. Mag’lub davlat aholisi — Yuechjiliklarning katta qismi Ili va Farg’ona vodiysi orqali hozirgi Afg’oniston tomonga ko’chib borgan. Yangi joyda ular o’z davlatlarini tashkil etib qo’shni hududlarni egallab olishgan. Xitoy manbalarida bu davlat ulug’yuechji (Dayuechji) davlati deb nomlangan. Asl maskanlari — Dashtiota (Dunxuan) bilan Chilanshan, qolganlari esa “Kichik yuechji” (“Syao Yueji”) deb atalgan. Xitoy manbalarida Baqtriya, Kushon, Eftaliylar davlatlarini “ulug’ Yuechjilar” barpo etganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar ulug’ Yuechjilarni toxarlar deb atashadi. Baqtriyani egallagan ulug’ Yuechjilar bu hududni quyidagi 5 yobg’ulik (jabg’ulik)ka bo’lib idora etishgan. Bular Xitoy tilida shunday atalgan: 1) Vaxan (Syumi), markazi — Mo’cheng shahri; 2) Shuangmi (Syamaka), markazi — Shuangmi shahri; 3) Kushon (Guyshuang), markazi — Kandut (Xusao) shahri; 4) Parvan (Sidun), markazi — Bichju shahri; 5) dumi yobg’uligi. Yuz yil o’tgach, Kushon yobg’uligi 5 yobg’ulikni birlashtirib Kushon podsholigita asos solgan. Xitoy manbalarida bu davlat “ulug’ Yuechji davlati” deb atalgan. Xitoy manbalarida dastlab hunlar tomonidan qayd etilgan “ulug’ Yuechji”atamasi, qadimiy o’qilishi jihatidan “ulug’ get qabilasi”, “mahoget qabilasi”, ya’ni “massaget qabilasi”ga mos keladi. Abdulahad Xo’jayev, Abduxoliq Aytboyev.