YUNONA
YUNONA (lotincha — qadimgi rimliklar ma’budasi nomidan) — kichik Sayyora (asteroid). 1804 yilda nemis astronomi K. Garding kashf etgan. Quyosh sistemasidagi uchinchi kichik Sayyora. Diametri 225 kilometr. Yunonaning Quyoshdan o’rtacha uzoqligi 2,668 astronomik birlik, Quyosh atrofini 4,36 yilda to’liq bir marta aylanib chiqadi. Orbitasining ekliptikaga og’maligi 13°0. Ekstsentriteti 0,258, ko’rinma yulduz kattaligi 7,0 dan 10,0 gacha o’zgarib turadi. Ravshanligining o’zgarishiga qarab, uning o’z o’qi atrofida aylanishi taxmin qilinadi. Hamma kichik sayyoralar kabi Yunonada ham atmosfera yo’q.
YUNONA — Rim mifologiyasida nikoh ma’budasi, xotin-qizlar va onalik homiysi. Yupiterning xotini, Yunona sharafiga Rimda 1 mart kuni ayollar oilaviy matronaliya bayramini nishonlaganlar. Yunona yunon mifologiyasidagi Gera bilan tenglashtirilgan.