YUNONISTON

YUNONISTON, qadimgi Gretsiya, Ellada — Bolqon yarim orolining Janub, Egey dengizidagi orollar, Frakiya sohillari, Kichik Osiyoning g’arbidagi dengiz sohilida joylashgan qadimiy yunon davlatlari hududining umumiy nomi. Tarixi. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, Yunoniston hududida odamlar paleolit davridan yashab kelmoqda. Xalkidika yarim orolidan neandertal odamining bosh suyagi chiqqan. Neolit davrida Yunoniston aholisi dehqonchilik, chorvachilik bilan shug’ullanib, o’troq hayot kechirgan. Yunonistonning jez davri madaniyati shartli ravishda Kritmiken madaniyati yoki Egey madaniyati deb atalgan. Miloddan avvalgi 3-ming yilliqda Yunoniston etnik tarkibi rang-barang (pelasglar, leleglar va boshqalar) bo’lgan; ularni protoyunon qabilalari — axeylar, ioniyaliklar siqib chiqarib o’z tarkiblariga singdirib yuborganlar. Miloddan avvalgi taxminan 20-17-asrlarda Krit orolida axeylarning ilk davlatlari (Knos, Fest, Agiatriada, Mikena, Tirinf, Pilos va boshqalar) barpo etilgan. Miloddan avvalgi taxminan 1260 yil Mikena, Tirinf, va boshqalar davlatlar Troyani bosib olib, uni vayron etishgan. Doriy qabilalarining kirib kelishi (miloddan avvalgi taxminan 1200 yil) oqibatida davlatlar parchalanib, urug’chilik munosabatlari jonlangan. Miloddan avvalgi 9-asrga kelib shimol Yunonistonda — eoliylar, O’rta Yunoniston va Peloponnesda — doriylar, Attika va orollarda — ioniyaliklar istiqomat qilgan: 8-6-asrlarda yunonlar O’rta dengiz, Marmar va qora dengiz sohillarini kolonizasiya qilganlar. Bu davrda Yunonistonda polislar (shahar davlatlar) shakllangan. Dehqonlar va hunarmandlarning urug’ zodagonlari bilan kurashi natijasiga qarab polisdagi davlat hokimiyati yo demokratik (Afinada) yoxud oligarxik (Sparta, Krit orolida) tarzda bo’lgan. Iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan polislarda (Korinf, Afina va boshqalar) qulchilik keng tarqalgan; Sparta, Argos va boshqalarda urug’chilik tuzumi qoldiqlari saqlanib qolgan. Miloddan avvalgi 6-asrda polislar Sparta boshchiligida Peloponnes Ittifoqiga va Fiva rahbarligi ostida Beotiya Ittifoqiga birlashganlar. 5— 4-asrlar polislarning eng ravnaq topgan davri sanaladi. U yunon-fors urushlarida (500-449) yunonlarning g’alabasi natijasida Afinaning yuksalishi va Delos Ittifoqining (Afina boshchiligida) barpo etilishi bilan bog’liq bo’lgan. Perikl hukmronligi davri (443— 429) Afina kuch-qudratining eng kuchaygan, siyosiy tuzumning eng demokratlashgan va madaniyatning ravnaq topgan davri hisoblanadi. Afina Yunonistonning asosiy iqtisodiy va madaniy markaziga aylanadi, u dengizda hukmronlikni o’z qo’liga olgan. Afina bilan Sparta o’rtasida Yunonistonda gegemon bo’lish, savdo yo’llariga egalik qilish uchun kurash Peloponnes urushi (431-404) ga olib kelgan, u Afinaning mag’lubiyati bilan tugagan. Spartaning yunon davlatlari ichki ishlariga aralashuvi miloddan avvalgi 395—387 yillardagi Korinf urushini keltirib chiqargan. 4-asrda Fiva vaqtinchalik yuksalgan. Levktra jangida (miloddan avvalgi 371 yil) fivaliklar Sparta qo’shinini tormor keltirishgan. 4-asr o’rtasida Yunonistonning shimolida Makedoniya yuksalgan. Uning podshohi Filipp II Xeroneya jangida (338) yunon shaharlari koalisiyasi ustidan g’alaba qozonib Yunonistonni tobe etgan. Aleksandr (Iskandar) saltanati parchalangach, ellinizm davrida (3-2-asrlar) Yunonistonda hukmron bo’lish uchun kurashayotgan harbiylashgan tipdagi davlatlar va ittifoqlar ko’p bo’lgan (Makedoniya, Axey Ittifoqi, Etoliya Ittifoqi). Miloddan avvalgi 197 yil Kinoskefal jangida Rim qo’shinlari Makedoniya ustidan g’alaba qozongach, Rim Yunonistondagi oligarxiyani quvvatlab, mamlakatning ichki ishlariga aralasha boshlaydi. Miloddan avvalgi 148 yil Makedoniya, Illiriya va Epir Rim provintsiyasiga aylantirilganlar. 146 yildan (Axey Ittifoqi rimliklar tomonidan tormor etilgandan so’ng) Yunoniston Rimga tobe bo’lgan (miloddan avvalgi 27 yildan uning hududida Rimning axayya provintsiyasi barpo etilgan), faqat nomiga Afinagina erkin shahar deb hisoblangan. Milodiy 4-asrdan Yunoniston Vizantiyaning asosiy tarkibiy qismini tashkil etgan. Falsafasi. Antik falsafa falsafa tarixida muhim o’rin tutadi. U avvalo, falsafa tushunchasining fanga kirib kelishiga sababchi bo’ldi, hozirgi kungacha bo’lgan barcha falsafaga hal qiluvchi ta’sir ko’rsatdi. Yuz yil davom etgan tayyorgarlik davridan so’ng yunon falsafasining mumtoz davri boshlandi. Uning gullab yashnashi miloddan avvalgi 7-6-asrlarga to’g’ri keldi, ta’siri esa ming yil mobaynida sezilib turdi. Vizantiya va Islom mamlakatlarida yunon falsafasining hukmron ta’siri keyingi ming yillikda saqlanib qoldi; keyinchalik, Renessans va gumanizm davrlarida, Yevropada yunon falsafasining uyg’onishi yuz berdi, bu esa Renessans davri platonizmi va aristotelizmidan boshlab Yevropa falsafiy tafakkurining butun taraqqiyotigacha bo’lgan davrdagi ijodiy yangilanishlarga olib keldi. Yunon falsafasi miloddan avvalgi 6-5-asrlarda butun Yunonistondagi yunon polislari falsafasining davomchisi bo’lgan mumtoz yunon ellinistik falsafasi (miloddan avvalgi 4-asr) va ellinistikrim falsafasiga, ya’ni miloddan avvalgi 3-asrdan milodiy 6-asrgacha davom etgan Rim imperiyasiga tarqagan ellinistik falsafaga bo’linadi. Ellinistik falsafa Sokratgacha bo’lgan falsafa (miloddan avvalgi 6-5-asrlar) va mumtoz (klassik) falsafaga (Sokrat, Platon, Aristotel’ — miloddan avvalgi 4-asr) ajraladi. Sokratgacha falsafa, o’z navbatida, kosmologik (gilozoistik) falsafaga (miloddan avvalgi 6-5-asrlar) va antropologik falsafaga (miloddan avvalgi 5-4-asrlar) bo’linadi. Yunon falsafasi ilkkosmologik— Sokratgacha falsafa davri, ruhoniylar bilan birga siyosiy yo’nalishdagi mutafakkirlar va yetti donishmand tomonidan tayyorlangan olimlar davri bilan boshlanadi. Ulardan biri miletlik Fales bo’lib, Aristotel uni birinchi faylasuf deb hisoblagan; u birinchi kosmolog, torroq ma’noda Ioniya naturfalsafasi maktabining vakili, bu maktabga Anaksimandr, Anaksimen, Ferekid, Diogen va boshqalar ham mansub edi. Undan so’ng Eleya maktabi vujudga kelib borliq falsafasi bilan shug’ullandi (miloddan avvalgi 580-430), bu maktabga Ksenofan, Parmenid, Eleyalik Zenon, Meliss mansub edilar; ayni vaqtda bu maktab bilan birga Pifagor maktabi ham mavjud edi. Bu maktab vakillari uyg’unlik, o’lchov, son masalalari bo’yicha tadqiqot olib bordilar. Bu maktabga Fillolay (miloddan avvalgi 5-asr oxiri) krotonlik Alkmeon (taxminan miloddan avvalgi 520), musiqa nazariyotchisi, faylasuf va matematik arxit Tarentskiy (taxminan miloddan avvalgi 400-365) va uning tarafdori haykaltarosh katta Poliklet (miloddan avvalgi 5-asr oxiri), Geraklit, keyin Empedokl va Anaksagor mansub edi. Hamma narsani qamrab oluvchi qomusiy tafakkur egasi Demokrit, uning mashhur o’tmishdoshi Levkipp hamda Demokrit maktabi vakillari Sokratgacha kosmologiyaning oxirida turadilar. Shu bilan birga so’nggi davrda antropologik sofistikada rivojlanish yuz berdi (taxminan miloddan avvalgi 475— 375), uning vakillari, asosan, Protagor, Gorgiy, Gippiy, Prodik bo’lgan. Yunon falsafasining eng mashhur 3 vakili — Sokrat, Platon, Aristotel tufayli Afina taxminan 1000 yil yunon falsafasining markazi bo’ldi. Tarixda birinchi marta Sokrat tomonidan insonni falsafiy anglash masalasi qo’yildi. Platon falsafani tugallangan dunyoqarash — siyosiy va mantiqiyetnik sistema sifatida yaratdi; Aristotel esa falsafaga haqiqiy mavjudlikni tadqiqiy-nazariy o’rganuvchi fan sifatida qaradi. Bu 3 mashhur yunon mutafakkirining har biri o’sha vaqtdan buyon o’zicha alohida va turli shakllarda 2 ming yildan buyon jahon falsafasining rivojlanishiga ta’sir ko’rsatib keladi. Yunon falsafasining ellinistikrim davri bir biri bilan parallel ravishda mavjud bo’lgan muhim falsafiy maktablarning paydo bo’lishi bilan boshlanadi (miloddan avvalgi 4-asr); faqat neoplatonizm keyinroq — 500 yildan so’ng vujudga keldi. Sokrat ta’sirida butun bir maktablar guruhi tashkil topadi: sokratchilar (asosiy vakili Ksenofont), Megar maktabi (unga Evbulid va imkoniyat tushunchasining birinchi nazariyotchisi Diodor Kronos (miloddan avvalgi 307 yil vafot etgan) mansub bo’lgan), tsiniklar (Antisfen, Diogen), birmuncha keyinroq jamiyatni diniy qayta o’zgartiruvchi pruzalik Dion Xrizost; pirovardida Kirena maktabi (Aristipp va Evgemer). Bu maktablar unchalik uzoq yashamadi. Platon tarafdorlari Platon akademiyasi nomi ostidagi falsafiy maktabga birlashdilar (qadimgi Akademiya — miloddan avvalgi 348-270, o’rta Akademiya — miloddan avvalgi 315-215, yangi Akademiya — miloddan avvalgi 160 — milodiy 529; o’rta Akademiyaning vakillari — Arkesilay va Karnead; yangi Akademiyaning vakillari — Tsitseron va Mark Terentsiy Varron (miloddan avvalgi 116 — miloddan avvalgi 28); Akademiyadan keyin (“yangi”sidan farq qilgan holda) platonizm vujudga keldi. Unga boshqa faylasuflar bilan birga Plutarx (taxminan 45-120) va Frasill (Platon sharhlovchisi) kirgan. Aristotel tarafdorlarining katta qismi aniq fanlar bilan shugullangan, peripatetik deb nom olgan mashhur olimlar bo’lgan; qadimiy peripatetiklar bilan birga mashhur botanik Teofrast, musiqa nazariyotchisi Aristoksen (taxminan miloddan avvalgi 350), tarixchi va siyosatchi messinalik Dikearx; keyingi peripatetiklar orasida fizik Straton, geograf va astronom Samoslik Aristarx (Stratonning shogirdi, taxminan miloddan avvalgi 250) va Klavdiy Ptolemey (taxminan milodiy 150), vrach Galen, Aristotelning sharhlovchisi Rodoslik Andronik (taxminan miloddan avvalgi 70) bo’lgan. Epikur asos solgan maktab keng yoyildi, bu maktabga boshqalar bilan birga Lukresiy ham mansub edi. Skeptik maktabning vakillari (unga Akademiya vakillaridan ko’plari kirgan edi) Pirron va keyinchalik vrach Sekst empirik edi. Stoya maktabi juda muhim falsafiydiniy harakatga aylandi, neoplatonizm va xristianlikning paydo bo’lishiga qadar mavjud bo’ldi. Kitionlik Zenon asos solgan bu maktabni qadimiy Stoyada Xrizipp adabiy jihatdan pishitdi; o’rta Stoyada boshqalar bilan birga Panesiy Rodoslik va Posidoniy bor edi; bu maktabga tarixchi Polibiy ham yaqin turgan. Keyingi Stoya davrida, asosan, 3 Rim faylasufi — Seneka, Epiktet va Mark Avreliy asosiy rol o’ynadi. Neoplatonizmda, uning asoschisi Plotin fikricha, Rim, Afina, Aleksandriya, Siros, xristian falsafiy maktablari bir-biridan farq qiladi. Plotin bilan birga Porfiriy, Prokl, ayol faylasuf Gipatiya, Yamvlix, imperator Yulian Apostat (332-363), entsiklopedist Marsian kapella (5-asrning 1 yarmi), Boesiy mashhur neoplatonchi bo’lishgan. Ellinizm davrida G’arb va Sharq dini hamda falsafasini o’zida birlashtirgan gnostika rivojlandi. Bobil gnostikasidan moniylik va uning yorug’lik hamda zulmat olami haqidagi ta’limoti paydo bo’ldi. Milodning birinchi yuz yilligi falsafasi uchun Filonning Bibliyani majoziy, platonchastoikcha talqini jiddiy ta’sir ko’rsatdi. U Aleksandriya maktabiga asos soldi, uning an’analarini aleksandriyalik Kliment va Origen davom ettirdi, bu esa G’arb falsafasiga ko’proq ta’sir ko’rsatgan xristian falsafasining boshlang’ich holati edi. Yunon falsafasining turli xil ko’rinishlari Islom falsafasida mavjud, uning ta’sirini hind falsafasida ham payqash mumkin. Adabiyoti. Yunonistonda yozma badiiy ijodning ilk namunalari taxminan 2700-2800 yillar muqaddam paydo bo’la boshlagan. Bu adabiyot miloddan avvalgi 3-asrda Rim madaniyatining barpo etilishida, tarkib topishida ham muhim ahamiyat kasb etgan. “Iliada” hamda “Odisseya” dostonlari yunon yozma adabiyotining bizga qadar etib kelgan eng qadimiy namunalaridir. Bu kabi yuksak badiiy asarlar uzoq muddatli adabiy harakatning davomi, uning etuk mahsuli sifatida maydonga kelgan. “Odisseya” dostonida Demodok kabi ajoyib baxshilar — rapsodlar botirlik haqida dostonlar aytib, davra ahllarini rom qilgan. Platon, Gerodot kabi allomalar va shu zamonning ba’zi yozuvchilari Gomerdan ilgari Orfey degan shoir yashab o’tganligini xabar qiladilar. Biroq bu shoirning go’zal navolari haqida afsonaviy rivoyatlardan boshqa tarix sahifalarida bironta ham misra saqlanib qolmagan. Yunon xalqi o’rtasida keng tarqalgan rivoyatlarda Orfeydan tashqari yana bir qancha shoirlar: Muze, Evmolp, tamir, Olen va boshqalar tilga olinadi. Barcha xalqlarning tarixida bo’lgani kabi yunon adabiyoti ham xalq og’zaki ijodi zaminida vujudga kelgan. Tarix sahifalarida yunon folkloridan juda kam namunalar saqlanib kelgan bo’lsada, shularga asosan ibtidoiy qabilachilik davrlarida yunon xalqining an’anasi boy va rangbarang og’zaki adabiyoti — ertaklari, maqollari, matallari, topishmoqlari, qo’shiqlari bo’lganligini aniqlash mumkin. Ibtidoiy jamiyatdagi mavjud og’zaki adabiyot shu jamiyat kishilarining tabiat haqidagi tushunchalarini ifoda etgan. Yunon mifologiyasi uzoq tarixga ega. Shu uzoq muddat davomida ijtimoiy ongning o’sishi bilan miflar ham o’zgargan, yangi ma’no-mazmun kasb etgan. Yunon kishisi ibtidoiy qabilachilik davrida tevarak atrofdagi tabiiy hodisalarning hammasini jonli his qilib, ularga sig’inishgan, ulardan madad tilashgan, yovuz kuchlarni moyil qilish uchun qurbonliklar qilingan. Tabiat hodisalari qarshisida ibtidoiy insonning butun hayoti qo’rquv va tahlikada o’tgan. Keyinchalik qabilachilik tuzumining yemirilishi va harbiy aristokrat tabaqalarning kuchayishi natijasida quyi tabaqa vakillarining ahvoli yanada og’irlashgan, boylarning zulmi kuchaygan. Bu holat insonlarning diniy e’tiqodlariga ham o’z ta’sirini o’tkazgan. qadimiy inson tasavvurida falak hukmronlari — odam qiyofasidagi Olimp ma’budalari paydo bo’lgan. Zevs — momaqaldiroq hamda bulutlar hukmdori, ma’budlar ma’budi; Poseydon — dengiz hukmroni; Aid oxirat xoqoni, Zevsning rafiqasi Gera — osmon ma’budasi, ma’budalar malikasi va hokazo. Ma’budlarni odam qiyofasida tasavvur etish, o’z navbatida, mifologiyani haqiqiy hayotga yaqinlashtirgan va uning obrazlariga chinakam hayotiylik bag’ishlagan. “Iliada” dostonida muallifning butun diqqati asarning bosh qahramoni Axillning g’azabiga qaratilgan bo’lib, qolgan voqealar faqat 50 kun ichiga sig’dirilgan. Tinglovchi va kitobxon to’la taassurotga ega bo’lishi uchun asar davomida muallif yo’l-yo’lakay chekinishlar yasab, turli-tuman hodisalar bilan asosiy voqeani to’ldirib borgan. Xuddi shu uyg’unlik, muxtasarlik “Odisseya” dostonida ham bor. Jafokash Odisseyning o’z vataniga qaytishi, har safar mobaynida uning boshidan kechgan mushkulotlar, uchragan ajoyibot, g’aroyibotlar — asarning asosiy mavzusidir. Qahramonlarning qiyofasini ularning tabiati, xatti-harakatini ko’rsatish bobida — realistik tavsifi nihoyatda sezilarli. Dostonlarda hayotning turli pog’onalarida turuvchi ilohiy kuchlar, odam bolalari: Olimp tog’ining ma’bud va ma’budalari, devlar, Parizodlar afsonaviy maxluqlar, podshohlar, pahlavonlar, oddiy jangchilar, malikalar, kanizaklar, qul va cho’rilar, go’daklar va hokazolar ko’z o’ngida gavdalanadi. Yunon xalqi asrlar davomida botirlik haqidagi o’z tuyg’u va orzularini ana shunday qahramon nomi bilan bog’lab kelgan. Yunon xalqining botirlik, g’ayrat va jasorat tushunchalarini yozuvchi Axill obrazida talqin etgan bo’lsa, shu xalqning hayot bobida orttirgan donishmandligi, aql va zakovatini Odissey obrazi orqali ko’rsatgan. Boshqa qahramonlardan tashqari (har ikkala) dostonda ikkinchi darajali shaxslar bor: Agamemnon — takabbur, Menelay — Botir, Diomed — serg’ayrat, Nestor — Nuroniy, Baris — xudbin, olifta, Gektor — oriyatli va hokazo. Yevropa xalqlari o’z taraqqiyotlari davomida katta ishtiyoq bilan necha bora yunonlar hamda rimliklar yaratgan san’at va adabiyotga murojaat etib, ular asosida qalblarini bezovta qilgan tuyg’u va g’oyalarni hal etishga uringanlar. Uyg’onish davrining buyuk allomalari qo’lida antik (qadim) dunyoning ilmu fani, san’at va adabiyoti, falsafiy ta’limotlari eng kuchli qurol bo’lib xizmat qilgan. “Uyg’onish” so’zining dastlabki ma’nosi ham qadimgi madaniyatni qayta tiklash, yangidan oyoqqa turg’izish demakdir. 17-asr Yevropa klassisizm adabiy oqimi ham 100-150 yil davomida antik dunyo badiiy ijodiga taqlid shiori ostida rivojlandi, bu davr mobaynida qariyb butun Yevropa sahnasi, asosan, Yunon va Rim tragediyalari mavzulari bilan yashadi. Ellin madaniyati O’rta Osiyo madaniyatining ravnaq topishiga samarali ta’sir etgan. Salavkiylar va Yunon-baqtriya podsholigi hukmdorlari davrida O’rta Osiyo, Eron va boshqalar o’lkalar aholisining faol ishtirokida Sharqiy ellinizm madaniyati vujudga keldi, u yunon madaniyatini ham boyitdi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Yunon me’morlari va tasviriy san’at namoyandalari ko’p asrlar osha turli xalqlar uchun go’zallik, uyg’unlik, yuksak did namunasini o’tagan san’at yodgorliklarini yaratgan. Asarlar asosan sodda afsonaviy mavzularga asoslangan bo’lsada, borliq va inson muvozanatini his etib, tabiiy muhit, inson tanasining tabiiy go’zalligi va uyg’unligini anglab aks ettirdi. Bu nisbatlar me’morlikda ham aniq ifodasini topgan. Yunon badiiy yodgorliklari Bolqon yarim orolidagina emas, shuningdek, kichik Osiyo, Janubiy Apennin yarim oroli, O’rta dengiz orollari hamda shimol Qora dengiz sohillarida ham saqlangan. Yunoniston san’ati Miken madaniyati negizida paydo bo’lgan; mikenlar bilan miloddan avvalgi 2-1-ming yillik san’atining o’zaro bog’liqligi kulollik va me’morlik bo’yama naqshlarida ko’zga aniq tashlanadi. Yunon san’ati taraqqiyoti (miloddan avvalgi 11-1-asrlar) tarixan Gomer, Arxaika, klassika, ellin kabi bir necha davrlarga ajratiladi. Gomer davri (miloddan avvalgi 11-8-asrlar) da bo’yama naqshli kulollik taraqqiy etgan, geometrik uslub miloddan avvalgi 7 asrgacha hukm surgan, eng taraqqiy etgan davri (8-asr)da abr yodgorliklari vazifasini o’tagan ro’zg’orga mo’ljallangan dipilon ko’za va idishlar bezagi, naqsh va inson shaklining aniq ritmi, chiziqlar ifodaliligi bilan ajralib turadi. Geometrik uslubda terrakota haykallar va idishlarga haykaltaroshlik bezaklari (qopqoq, shakldor dastalar) ham yaratildi. Me’morlik haqida ma’lumotlar deyarli yo’q, ba’zi bino qoldiqlari, ibodatxonalarning terrakota modeli va adabiy yozma manbalarda ayrim ma’lumotlar uchraydi. Arxaika (miloddan avvalgi 7-6-asrlar) davrida polislar shakllandi, shaharlar yuzaga keldi, shaharsozlikning asosiy belgilari muqaddas joy (Akropol) va jamoat savdo markazlari (Agora) bo’lib, ular atrofida turar joy mavzelari joylashtirilgan, shaharlar bunyod etilgan. Yetakchi o’rinni ibodatxonalar (haykallari bo’lgan “xudolar uyi”) egallagan. Ibodatxonalar bilan bir qatorda turli vazifalarni bajaruvchi jamoat binolari (teatr, stadion, palestr va boshqalar) bunyod etilgan. Inshootlar toshdan qurishga o’tilgach, order turlari shakllandi, ibodatxonalar bo’rtma tasvirlar, haykallar bilan bezatildi; dahshatli maxluqlar bilan olishayotgan xudolar va qahramonlar (Gerakl, Tesey, Persey va boshqalar)ning qat’iy tasvirlari yaratildi; ularning hajmdorligi ibodatxonalardagi me’moriy shakllar bilan uyg’un. Ioniy uslubidagi ibodatxonalarning haykaltaroshlik frizlari dinamikasi va murakkab kompozitsiyasi bilan ajralib turadi. Dastlabki o’zaro bog’lanmagan kam shaklli frizlardan o’zaro uyg’un va ko’p shaklli yaxlit kompozitsiyalarga o’tish kuzatiladi, ilk frontonlardagi releflar (Kerkira orolidagi Artemida ibodatxonasi) dumaloq haykallar bilan almashadi. Haykaltaroshlikda kichik bronza haykallar (“Fivalik Apollon”, miloddan avvalgi 7-asr 1-yarmi) dan yalang’och o’smir (kuros) lar va uzun ko’ylakli qiz (kora)lar shaklini yasashga o’tildi. Harakatsiz shakllar o’rniga harakatlarni shartli ifodalash yuzaga keldi (“Delosli Nike”, miloddan avvalgi 6-asr o’rtalari). Haykaltaroshlar inson mimikasini ifoda vositasi sifatida kam qo’llasalarda, ayni vaqtda boy hajm, kiyimlar burmalarining goh qat’iy, goh nafis talqini bilan ifodali obraz qurilishiga erishdilar. Arxaika haykallarida ayrim mahalliy farqlar kuzatiladi: ioniy uslubidagi kora va kuroslar lirik va hayotbaxsh obrazlari, shakllarning mayinligi bilan qat’iy qiyofali va keskin shaklli doriy uslubidagi haykallardan ajralib turadi. Bu davrda yunon ko’zalari (amfora va boshqalar) tugal shakllandi, buyumlarga butun yuzasi qoplab gilama usulida mujassamotlar yaratildi, shartli qat’iy chiziqlar va geometrik uslubdagi naqshlar o’rnini syujetli sahnalarning tez-tez qo’llanishi egalladi. Korinf, keyinroq Afina (7-6-asrlar) da qora shaklli uslub qaror topdi (Klitiy, Eksekiy, Amasis va boshqalar), qora shaklli uslubdan qizil shaklli uslubda ko’zalar yasashga o’tish yuzaga keldi (Andokid va boshqalar). Klassika (miloddan avvalgi 5-asr — 4-asr 3-choragi) da shaharlar rivojlandi, muntazam tarhli shahar tipi shakllandi (Milet, Pirey), shaharlarni to’g’ri burchakli ko’chalar to’ri bilan qismlarga bo’lish, turar joylarni majmua tarzida qurish kabi asosiy qoidalar yuzaga keldi. Polislarning o’ziga xos ramzi bo’lgan ibodatxonalarning tipik xususiyatlari individuallik bilan qo’shilib ketgan, bir tipdagi qurilishlarda yagona order tuzilishidagi nisbat va ko’lamlarnigina o’zgartirib takrorlanishi bilan har bir shahar — davlat bosh inshootlarida o’ziga xos me’moriy qiyofalar yaratishga erishildi. Shu jihatdan umumiy tarhli va order elementlari bo’lgan Afina Afayi (taxminan miloddan avvalgi 500-480, egin orolida), Gera II (“Poseydon ibodatxonasi”, miloddan avvalgi 5-asr 2-choragi, Poseydoniyada), Zevs (miloddan avvalgi 468-456, Olimpiyada) ibodatxonalari o’ziga xos sifatlari bilan bir-biridan farqlidir. Miloddan avvalgi 6-5-asrlar chegarasida tasviriy san’atda keskin o’zgarishlar ro’y berdi, haykaltarosh va rassomlar inson qiyofasi va uning harakatini mukammal ifoda etdilar, fronton, frizlarda ko’p shaklli lavhalarni dadil bajardilar. Klassika boshida yuzaga kelgan “qat’iy uslub” xususiyatlari ko’zalarga ishlangan tasvirlarda aniq ifodasini topdi (Epiktet, Evtimid, Efroniy). Qizil shakllar uslubida ijod qilgan Brig afsonaviy mavzular bilan bir qatorda maishiy lavhalar (bazm, maktabdagi mashg’ulotlar, stadiondagi atletlar)ni ham yaratdi. “Qat’iy uslub” miloddan avvalgi 5-asr 1-yarmidagi haykaltaroshlikda ham ko’zga tashlanadi; egin orolidagi Afina Afayi ibodatxonasi frontoni, Olimpiyadagi Zevs ibodatxonasi fronton va metoplari kabi san’at durdonalari yaratildi. Klassikaning ilk davrida qahramonlar obrazlari bilan bir qatorda ko’tarinki ruhdagi Real obrazlar ham yuzaga keldi (Miron va boshqalar). Inson tanasini mukammal ishlanishi yunon san’atiga umrboqiy g’oyalar (go’zallikning xunuklik ustidan g’alabasi)ni ifodalash imkonini berdi. Miloddan avvalgi 5-asr o’rtalarida klassika san’ati (“yuksak klassika” deb nomlangan) gullab yashnadi. Perikl davrida Afina Elladaning siyosiy va badiiy markaziga aylandi. Vayron bo’lgan Akropolda Fidiy boshchiligida mohir me’morlar va haykaltaroshlar ishladi: tasviriy ansambllar hosil qilindi, yangi ibodatxonalar bunyod etildi, haykallar o’rnatildi, go’zallik va uyg’unlik tarannum etildi (ma’budlarning yuksak mavqei, tantanalarda viqor bilan yurishlari, kentavrlar bilan olishuvlari va boshqalar). Ozod ellin fuqarolik ruhi, g’oyaviy, axloqiy va jismoniy mukammalligi Fidiy asarlarida, Parfenon bezaklarida, Poliklet haykallari, Polignot ko’zalari, freskalar, terrakota haykallari, relef va tangalarda yorqin ifodalangan. Miloddan avvalgi 4-asr boshlarida yunon polislari demokratiyasi inqirozi bilan ayrim shaxslar xohishi polislar xohishini siqib chiqardi. Diniy inshootlar qurish o’rnini insonning kundalik hayoti bilan uzviy bog’liq bo’lgan inshootlar (palestr, teatr va boshqalar) qurish egalladi (jumladan, epi davrdagi teatr, miloddan avvalgi 350-330 va boshqalar). Vazifasiga mos aniq kompozisiyali yunon teatrlari jahon me’morligidagi tomosha inshootlarining keyingi taraqqiyotiga asos bo’ldi. Memorial ansambllarda inson shaxsini abadiylashtirish an’analari yuzaga keldi (masalan, Galikarnasl maqbara, taxminan miloddan avvalgi 353). Tasviriy san’atda inson xarakteriga qiziqishning ortishi haykaltaroshlik portretlarini rivojlanishini ta’minladi. Afsonaviy kompozisiyalarda kurash dramatizmi, insonning ruhiy qudrati va jismoniy shijoatini tasvirlagan Skopas ijodida voqelikdagi qarama-qarshiliklar o’tkir ifodasini topdi, bu jihatdan Praksitel haykallari, Lisipp asarlari diqqatga sazovor. Ellin davri (miloddan avvalgi 4-asr oxiri — 1-asr) yunon madaniyati mintaqalarining kengayishi uning Aleksandr davlati va uning vorislari davlati tarkibiga kirgan xalqlar madaniyati bilan o’zaro qo’shilishi bilan belgilanadi. Afina badiiy hayot markazi mavqeini yo’qotdi. Kichik Osiyoning yirik shaharlari yangi qarash (nuqtai nazar)larni Yaratuvchiga aylandi, qurilish beqiyos darajada o’sdi, ko’plab muntazam tarhli yangi shaharlar yuzaga keldi (Istanbul va boshqalar), yirik inshootlar qurildi (Istanbuldagi Faros mayog’i), mahobatli me’moriy ansambllar bunyod etildi (Pergamdagi Akropol) oddiy uydan bosh saroygacha bo’lgan turar joy tipi shakllandi, an’anaviy ichki hovli tarhli uylar ustunlar bilan o’ralgan peristilga aylantirildi. Ellin haykallaridagi qiyofalar qo’rquv, davrni fojiaviy anglash bilan yo’g’rilgan. Ellin davri san’atiga mintaqaviy maktablar, yo’nalishlarning hamda badiiy obrazli masalalarning rang-barangligi xos: haykal portretlar rivojlandi, klassikaning inson — fuqaro uyg’unligi o’rniga buyuklarni ulug’lash qaror topdi. Ijtimoiy kelib chiqishi har xil bo’lgan odamlarga, ularning yoshidaga xarakterli xususiyatlarga qiziqish ortdi. Yunoniston Rim tomonidan zabt etilishi bilan ellinlar san’ati g’oliblar madaniyatining rivojlanishi bilan qo’shilib, uni o’zining ko’p asrlik an’analari bilan boyitdi, shuningdek, o’zining mustaqilligini ham yo’qotib bordi. Teatri — yunon dramasi va teatri Dionis sharafiga o’tkaziladigan qishloq xo’jaligi bayramlaridan boshlangan. Uning asosida tabiatning qishki o’lik mavsumi va bahorgi uyg’onish davri bilan bog’liq qadimiy yer egalarining o’yinlari yotadi. Miloddan avvalgi 4-1-asrlargacha Yunon teatri. 1. Getera niqobi. 2. Tropik qahramon niqobi. 3. Andromedaning teatr libosidagi tasviri (vazadagi rasm). 4. Tragik aktyor (fil suyagidan ishlangan haykalcha). dramatik chiqishlarda xor asosiy rol o’ynagan. 6-asrning 2 yarmida alohida ijrochi — aktyor (dramaturgning o’zi) paydo bo’ldi. Esxil sahnaga 2 aktyorni olib kirdi. Sofokl esa sahna dekorasiyasida tasviriy bezaklardan keng foydalandi, fojialarda 3 aktyor paydo bo’ldi. Aktyorlar, asosan, niqob kiyib o’ynaganlar. Teatr yunonlar hayotida alohida o’rin egalladi. Ayniqsa, quldorlik davri gullagan paytda teatr ahamiyati yanada ortdi. Teatr, asosan, 3 qism: orkestr, tomoshabinlar uchun joy va chodirdan iborat bo’ldi. Bulardan eng qadimiysi orkestr yumaloq maydon bo’lib, unda aktyor va xor ijrochilari tomosha ko’rsatganlar. Dastlab barcha tomoshabin orxestr atrofida o’tirganlar, keyinchalik omma uchun alohida joylar ajratilgan. Teatr binolaridan qadimiysi Afinadagi Dionis teatri binosi hisoblanadi. Keyingi eng katta Afina teatri miloddan avvalgi 4-asrning 2-yarmida qurildi. Teatrda tragediya va komediyadan tashqari mifologik syujetga ega satirik spektakllar ham qo’yilgan. Dastlab ayollar rolini erkaklar niqob kiyib ijro etgan, Esxil, Sofokl, Evripid, Aristofan kabi buyuk dramaturglarning ijodida Yunoniston quldorlik demokratiyasining ravnaqi va ziddiyatlari aks etdi. Mifologik syujetli pantomimik raqslar keng tarqaldi. Ularda ayol aktyorlar ham qatnashdi. Ellinizm davrida (miloddan avvalgi 3-1-asrlar) teatr Sharqda yunon madaniyatini targ’ib qilishda asosiy vositalardan biriga aylandi. Teatrlar nafaqat yirik savdo markazlarida, balki kichik shaharlarda ham qurila boshladi. Dionis sharafiga o’tkaziladigan bayramlarda tragediya va komediyalar namoyish etildi. Qishloq komediyasi yo’qola bordi. Yangi komediyalar (Menandr, Filemon va boshqalar) o’zaro hayotiy munosabatlarni, inson ichki kechinmalarini aks ettirdi. Miloddan avvalgi 5-asrda Yunonistonda mimlar maishiy va hajviy xarakterdagi kichik sahnalar yuzaga keldi. Ellinizm davrida ilk bor professional aktyorlar ijod qildi. Aktyorlar uyushmasi paydo bo’ldi. Bu davrda aktyorlar katta hurmatga, yuridik huquqga ega bo’lganlar. Tomosha ko’rsatish uchun aktyorlar hatto urush paytlarida ham xohlagan yerlariga borish, o’zlari va narsalariga daxlsizlik huquqi berilgan. Aktyorlarning o’zlari esa har qanday harbiy xizmatdan ozod etilganlar (miloddan avvalgi 3-asr boshlarida bu haqda maxsus qonun qabul qilingan). Yunoniston teatri jahon teatrining rivojlanishida muhim rol o’ynadi. Musiqasi. Yunoniston musiqasini badiiy (masalan, “Iliada” “Odisseya”) va ilmiy (Platon, Aristotel, Pifagor, Aristoksen) meros hamda tasviriy san’at yodgorliklari orqali tasavvur qilish mumkin. Yunonistonda musiqa san’ati ijtimoiy hayotda muhim o’rin olib, uni o’rganish yoshlar tarbiyasi tizimiga kiritilgan, qo’shiqchilik va sozandalik bo’yicha turli musobaqalar o’tkazilgan. Turli xalq qo’shiqlari — georgik (dehqonchilik bilan bog’liq), Epitalama (nikoh to’ylarida aytiladigan), trenos (yig’i), embateriy (harbiy) kabi janrlar, Apollon (Pean), Dionis (difiramb, fallik) va boshqalar xudolarga bag’ishlangan aytimlar keng o’rin olgan. Shoirxonanda (AED, rapsod — Gomer va boshqalar)lar o’zi yaratgan epik qo’shiqlar va dostonlarni cholg’u (torlitirnama forminks va boshqalar)larni chalib ijro etgan. Musiqaning odamlarga sehrli ta’siri, mashhur xonanda va sozandalar (Olimp, Marsiy, Orfey va boshqalar) faoliyatiga doir bir necha rivoyat va afsonalar bizgacha etib kelgan. Olimp avlos chalish yo’llarini hamda garmoniya (enarmonika) qonunlarini, lesboslik Terpandr kifarani kashf qilganlar. Olimpning shogirdi kritlik Talet xor qo’shiqchiligini kiritgan. Musiqa, ayniqsa, xor qo’shiqchiligi katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lib, vatanparvarlik ramzi darajasiga ko’tarilgan. Harbiy (marshsimon) kuylari bilan birga lirika yo’nalishidagi janrlar (masalan, Sapfoning ishqiy qo’shiqlari, Pindarning gimn va odshtari, elegiya) rivoj topgan. Yunoniston tragediya va komediyasida musiqa muhim dramaturgik vazifalarni bajargan. Uning ijodkorlari (Esxil, Frinix, Sofokl, Evripid va boshqalar) kuylarni ham yaratib, dramatik asarlarga xor va raqslar, yakka xonandalik shakllarini kiritgan. “Antigona” (Sofokl) tragediyasidagi xor Afinaning milliy madhiyasiga aylangan. Ellinizm davrida katta cholg’u ansambllar, organ kabi musiqa cholg’u asboblari paydo bo’lgan. Yunoniston musiqa madaniyatiga kichik Osiyo hamda yaqin Sharq xalqlari musiqa an’analari ta’sir etgan. O’z navbatida, Yunoniston musiqasi hamda musiqa nazariyasi Sharq musiqa ilmi (Yunus alkotib, Ibn Surayj, Ishoq almavsiliy, Forobiy, alKindiy, Abulfaraj, Isfahoniy va boshqalar)da rivoj topgan. 9-asrda Bag’dodda Aristotel, Aristoksen, Nikomax, Ptolemey va boshqalarning ko’pgina musiqa risolalari Arab tiliga tarjima qilingan. Forobiy Aristotel tizimini, al-Kindiy yangi platoniklar g’oyalarini rivojlantirgan. Yunoniston musiqa nazariyasida qaror topgan tushunchalar (musiqa, melodiya, ritm, gamma, monodiya, garmoniya, diatonika va boshqalar) hozirgi musiqashunoslikda ham joriy etilmoqda. Ad.: Sergeev V.S., Istoriya drevney Gresii, 3 izd. M., 1963; Istoriya filosofii, t. 1, N., 1957; Tronskiy I. M. Istoriya antichnoy literaturi, L., 1957; Vseobshaya istoriya iskusstv, t.1, M., 1956; Geriman T., Antichnoe muznkalnoe mgshlenie, L., 1986; Sulaymonova F., Sharq va G’arb, T., 1998.