ZARAFSHON SUVAYIRG’ICH KO’PRIGI

ZARAFSHON SUVAYIRG’ICH KO’PRIGI — Samarqand shahri markazidan 7— 8 kilometr shimoli-sharqda, Zarafshon daryosining so’l qirg’og’ida pishiq g’ishtdan qurilgan ko’prik. U tarixiy adabiyotlarda “Temur ravog’i”, “Puli Shodmon Malik”, “Abdullaxon ko’prigi” va “Shayboniyxon suvayirg’ich ko’prigi” nomlari bilan yuritiladi. Garchi ko’prik tarixi Amir Temur va Abdullaxon nomi bilan bog’lansada, aslida u 16 asr boshida Shayboniyxon tomonidan kurilgan. Tarixchi va adib Kamoliddin Binoiyning “Shayboniynoma” asarida yozishicha, Shayboniyxon Buxorodan Samarqandga qaytishda (1502) shaharga kirish oldidan o’z lashkarlari bilan Zarafshon daryosining o’ng sohiliga tushadi va daryoga yangi ko’prik qurishni buyuradi (Cho’ponota yaqinidagi Zarafshon ustiga qurilgan ko’prik buzilib ketgan bo’lsa kerak). Qurilishga uning barcha askarlari safarbar etiladi. Tosh va shox-shabbalardan kattakatta Qorabura (fashina) lar yasalib, Zarafshonga to’g’on o’rnatish va daryo oqimini to’sishga kirishadilar. Ammo daryoni bo’g’olmaydilar. Shundan so’ng Shayboniyxon Samarqanddan muhandislar chaqirtiradi. Xonning bevosita ko’rsatmasiga binoan, ular daryoni bog’lash yo’lini aniqlab, ko’prik loyihasini tuzadilar. To’g’on o’rnatilib, daryo bog’langach, bir oy mobaynida ko’prik qurib bitkaziladi (1502 yil 3 noyabr). Bizgacha saqlangan birgina ravog’ining kattaligiga qaraganda, ko’prik 7 ravoqdan iborat bo’lgan deb hisoblash mumkin. Daryoning hozirgi mavjud kengligini hisobga olganda, ko’prikning uzunligi 200 metrdan oshiqroq bo’lgani shubhasiz. Ammo inshoot qachondan boshlab shikastlanib, uning ravoqlari birin-ketin buzilib ketganligi ma’lum emas. Ammo 19 asrning 40 yillarida uning 3 ravog’i butun bo’lgan. 1841-42 yillarda Rossiyadan Buxoroga yuborilgan K. F. Butenev boshliq digagomatik missiya ishtirokchisi muhandis F. Bogoslovskiyning yozishicha, o’sha vaqtda Qoradaryoning yarim oqimi shu 3 ravoq ostidan oqqan. 19 asrning o’rtalarida inshootning uchinchi ravog’i vayron bo’lib, 2 ravog’i qolgan. Samarqandda bo’lgan zilzila (1898 yil avgust) natijasida ko’prikning ikkinchi ravog’i ham qulab tushib, faqat oxirgi bir ravog’i qolgan. A. Muhammadjonov o’tkazgan (1962) arxeologik qazishlar natijasida inshootning qulab tushgan ikkinchi va uchinchi ravoqlarining qoldiqlari topib tekshirildi. Inshootning bo’yi va eni 26 yoki 27 santimetr, qalinligi 5 santimetrli to’rtburchak pishiq g’ishtlardan qurilgan. Hozirgacha saqlangan ravog’ining kengligi 21 metr 60 santimetr, balandligi 11 metr 85 santimetr va eni esa 9 metr 10 santimetrga teng. Ravoq birining ustiga ikkinchisi o’rnatilgan. Ikki qavat toqidan iborat bo’lib, uning yuqori toqi pastki toqiga nisbatan yarim g’isht chiqarilib ishlangan. Pastki toqining qalinligi 165 santimetr va yuqori toqiniki — esa 125 santimetrga teng. Ravoq tayanchini mustahkamlash va uning ajralib ketmasligi uchun ravoqning daryoning o’ng sohiliga o’rnatilgan Janub qanotining ikki tomoni maxsus bozu (tirgak) shaklida ishlangan. Yaxlit qoyadan iborat tabiiy poydevor ustiga o’rnatilgan mazkur ravoq Zarafshon suvayirg’ichining qisqa so’l qanoti bo’lib, uning bir necha ravoqlardan iborat o’ng qanoti birinchi ravoqqa nisbatan 102° burchak hosil qilib, sharqqa tomon yo’nalgan. Ikkinchi ravoqdan faqat uning pastki poydevor qismigina sakqlangan. Bu daryo o’zani ichida xarsanglardan ishlangan ko’prik ustunlaridan biri bo’lib, uning uzunligi 8,5 metr va eni 3 metr 80 santimetrga teng. Ravoqning kengligi esa 20 metr 75 santimetr, uzunligi 8,5 metrga teng bo’lgan. Inshootning uchinchi ravog’idan faqat poydevorining bir qismi saqlanib, boshqa ravoqlaridan esa asorat ham qolmagan. Ravoq usti qismining eni 7 metrdan ortiq bo’lgan. Ikki chetining balandligi ham, eni ham 1 metrlik g’ov qilib, pishiq g’ishtdan ishlanganligi mazkur inshootni loyihalashtirgan 16 asr muhandislari daryo ustidan o’tuvchilarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash choralarini hisobga olganligini ko’rsatadi. Ko’prikda ishlatilgan qurilish qorishmalari ham alohida diqqatga sazovordir. Tsement kabi mustahkam biriktiruvchi qorishma hali ixtiro etilmagan o’rta asr sharoitida suv inshootlarini bino qilishda doimiy namlikka chidamli qurilish qorishmasi topib ishlatilgan. Masalan, ko’prik ustunlarining doimiy suv ostida turadigan qismi o’simlik kuli va ganch aralash ohakdan tayyorlangan suvga chidamli maxsus turuvchi qismlari o’simlik kuli aralash ganch qorishmasi bilan va nihoyat, inshootning doimiy quruq sharoitda turadigan yuqori qismi faqat ganch bilan ishlab chiqilgan. Zarafshon suvaryirg’ich ko’prigi Samarqand xayotida muhim rol o’ynagan. Ko’prik orqali o’tgan karvon yo’llari Samarqand shimolda Toshkent vohasi va Sirdaryo bo’ylaridagi tumanlar. Sharqda Farg’ona vodiysi hamda Nurota orqali Buxoro bilan bog’langan. Bundan tashqari, bu inshoot Zarafshonning Oqdaryo va Qoradaryolarga bo’linishida suvayirg’ich sifatida qam xizmat qilgan. Zarafshonning suvini teng ikkiga taqsimlash maqsadida Oqdaryo va Qoradaryolar o’rtasiga qurilgan to’g’on Zarafshon suvaryirg’ich ko’prigining Markaziy ravoqlaridan biriga borib tutashgan. Natijada Zarafshonning oqimi ko’prik ostidan utishi bilan ikkiga: Oqdaryo va Qoradaryo o’zanlariga bo’linib oqqan. Shuning uchun xam bu inshoot tarixda suvayirg’ich ko’prigi nomini olgan. Bu ayirg’ichning yana bir katta ahamiyati shundaki, u Zarafshon suvini tartibga solgan, Miyonkol va boshqa tumanlarni barobar sug’orishda katta rol o’ynagan. Ko’prikdan hozirgi vaqtda saqlanib qolgan yagona ravoq O’zbekistonda gidrotexnika taraqqiyoti tarixini o’rganishda muxim ahamiyatga ega. Zarafshon suvaryirg’ich ko’prigi nodir tarixiy yodgorlik sifatida davlat muqofazasiga olingan. Ad. Muhammadjonov A., Shayboniyxon suvayirg’ich ko’prigi, T., 1969; Muhammadjonov A., Quyi Zarafshon vodiysining sug’orilish tarixi, T., 1972; Muhammadjonov A., O’zbekistonning qadimgi gidrotexnika inshootlari, T., 1997. Abdulahad Muhammadjonov.